Afgʻoniston Islom Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi Hukumatlari delegatsiyalarining Toshkent shahriga tashrifi doirasida uch mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari rahbarlari, Afgʻoniston Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyalari rahbarlari ishtirokida “Mozori-Sharif — Kobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha yuqori darajadagi uch tomonlama ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda, shuningdek, xalqaro moliya institutlari vakillari qatnashdi, ulardan ayrimlari videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Oʻzbekiston tomonidan ishchi guruhiga Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Afgʻoniston tomonidan tashqi ishlar vaziri H.Atmar, Pokiston tomonidan Bosh vazirning savdo, toʻqimachilik sanoati va investitsiyalar masalalari boʻyicha maslahatchisi A.Dovud boshchilik qildilar.
Tadbir eng oliy va yuqori darajadagi muzokaralarning mantiqiy davomi boʻldi. 2020-yil 29-dekabrda Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston rahbarlari “Mozori-Sharif — Kobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasini qoʻllab-quvvatlash taklifi bilan xalqaro moliya institutlariga birgalikda murojaat yuborgan edilar.
Maʼlumki, Markaziy Osiyo va Afgʻoniston davlatlari xalqaro dengiz portlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ular sezilarli transport va tranzit xarajatlari qilmoqdalar, bu esa dengiz kommunikatsiyalaridan erkin foydalanish sharoitiga ega boʻlgan mamlakatlar xarajatlaridan 2-3 baravar yuqoridir. Ushbu muammo xalqaro yuk tashishga sezilarli cheklovlar qoʻygan COVID-19 pandemiyasi paytida, ayniqsa, juda dolzarb ahamiyat kasb etdi.
Bunday sharoitda “Mozori-Sharif — Kobul – Peshavor” temir yoʻlining qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari oʻrtasida Markaziy Osiyo orqali yuklarni tashish vaqtini hamda narxini sezilarli darajada kamaytiradi.
Shunday qilib, Pokistonning “Karachi”, “Qasim” va “Gvadar” dengiz portlariga chiqishni taʼminlaydigan yangi transafgʻon temir yoʻli Janubiy Osiyo temir yoʻl tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yoʻl tizimlari bilan bogʻlaydi hamda Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini keskin oshirishga, katta miqdordagi yuk oqimlarini jalb qilishga, shuningdek, Yevropa va Osiyoni eng qisqa quruqlik yoʻli bilan bogʻlaydigan koʻprik sifatida mintaqaning tarixiy rolini tiklashga yordam beradi.
Loyihani amalga oshirish, shuningdek, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, oʻn minglab yangi ish oʻrinlari tashkil etish hamda temir yoʻl yoʻnalishi boʻylab mineral resurslarga boy zaxiralarni oʻzlashtirish (mis, qalay, rux, temir rudasi, marmar, granit, travertin va boshqalar) uchun sharoit yaratish orqali bu mamlakatning izchil iqtisodiy oʻsishini ragʻbatlantirish uchun noyob imkoniyatlar ochadi.
Yigʻilish kun tartibining bir qismi sifatida “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishning turli jihatlari atroflicha koʻrib chiqildi. Geodezik, gidrogeologik va topografik tadqiqotlar oʻtkazish, temir yoʻl liniyasi boʻlimlari hamda tegishli kartografik materiallar sxemasini tayyorlash uchun uch tomonlama qoʻshma xalqaro ekspeditsiya tashkil etish bilan bogʻliq amaliy masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan uch mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ushbu loyihani milliy iqtisodiyot, mintaqaviy va mintaqalararo savdo-sotiqning oʻsishini ragʻbatlantirish, qolaversa, uch mamlakat oʻrtasidagi tarixiy savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash boʻyicha kuchli platforma sifatida baholab, umumiy pozitsiyasini bildirdilar.
Yigʻilishda xalqaro moliya institutlari vakillari ham soʻzga chiqib, loyihaning strategik ahamiyatini taʼkidlab, uni amalga oshirish jarayonida hamkorlikda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Rivojlanish boʻyicha hamkorlar loyiha hayotga tatbiq etilishining barcha bosqichlarida Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston hukumatlariga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bir ovozdan bildirib, uni amalga oshirish uchun moliyalashtirishning turli xil mexanizmlarini jalb etish taklifini ilgari surdilar.
Tadbir yakunida “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha erishilgan asosiy kelishuvlarni oʻzida mujassam etgan qoʻshma “Yoʻl xaritasi” imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.