1-savol: Fuqarolar muddatli yoki safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qanday tanlab olinadi?

Muddatli harbiy xizmat uchun tanlov har yili 10-avgustdan chaqiruv yilining 10-fevraliga qadar Tanlov kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Yaʼni, mazkur jarayon chaqiriluvchilarning hujjatlarini oʻrganish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, kasbiy tanlov oʻtkazish hamda yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali tashkillashtiriladi. Tanlab olingan nomzodlar chaqiruv mavsumida, yaʼni mart-aprel oylarida tumanlardagi tibbiy komissiyadan hamda butlash komissiyasi tomonidan suhbatdan oʻtkazilib, yakuniy qaror qabul qilish uchun mudofaa ishlari boshqarmalaridagi harbiy tibbiy komissiyasi va rahbariyat kengashiga yuboriladi. Chaqiriluvchilar harbiy tibbiy komissiyasi hulosasiga koʻra, sogʻlom deb topilganda rahbariyat kengashi tomonidan ushbu chaqiriluvchilar qoʻshin turiga tayinlanadi hamda chaqiriluvchiga qaysi hududga va qachon ketishi aytiladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati.

Muddatli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga chaqiriladilar.

Chaqiriluvchilar har yili chaqiruv mavsumida, yaʼni mart-aprel oylarida tuman hokimining qarori asosida tayinlangan hududiy komissiya tomonidan saralab olinadi. Bunda tibbiy koʻrik xulosasiga koʻra, sogʻlom deb topilgan, oilaviy sharoiti yaxshi boʻlgan nomzodlar tanlab olinadilar va ular bilan Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatini oʻtash va belgilangan pul badalini toʻlash uchun shartnoma tuziladi. Shartnomaga koʻra pul badallarini toʻliq qoplagan chaqiriluvchilar bir oylik harbiy yigʻinga jalb etiladilar.

2-savol: Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarga qanday imtiyozlar beriladi?

Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarga:

oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyoz beradigan harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasi beriladi, yaʼni oliy taʼlim muasasasi qabul qilish kvotasining 5 foizi, yaʼni umumiy qabul qilinadigan talabalar miqdoridan tavsiyanomaga ega boʻlgan 5 foiz nomzodlar qoʻshimcha ravishda oʻqishga qabul qilinadi. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan fuqarolarga esa oʻzining toʻplagan balining 50% miqdorida qoʻshimcha ball qoʻshib beriladi;

xizmatdan soʻng tadbirkorlikka yoʻnaltirish maqsadida ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi;

belgilangan xizmat muddatini tugatgan harbiy xizmatchilarning mutaxassisliklar boʻyicha ishga joylashtirish, yaʼni ularning bandligini taʼminlash masalalari joylardagi bandlik boshqarmasi va tuman boʻlimlari orqali amalga oshiriladi.

3- savol: Oliy harbiy taʼlim muassasalari va “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylariga qanday tartibda oʻqishga kirish uchun hujjatlar topshiriladi?

Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga topshirish istagida boʻlgan fuqarolar harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari boʻlimlariga har yili 1-fevraldan 1-aprelgacha, temurbeklar maktabiga esa har yili 1-martdan 30-aprel kuniga qadar ariza bilan murojaat etadilar.

Oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlar tuman tibbiy komissiyasi va harbiy tibbiy komissiyadan oʻtishlari, komissiya xulosasiga koʻra yaroqli deb topilganlarida belgilangan tartibda harbiy kasbiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik sinovidan oʻtadilar va test sinovlariga jalb etiladilar.

Temurbeklar maktabiga oʻqishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tuman va viloyat tibbiy koʻriklaridan oʻtadilar, komissiya xulosasiga koʻra yaroqli deb topilganlarida belgilangan tartibda diktant, harbiy kasbiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik sinovi va yakka tartibda suhbat oʻtkazish yoʻli orqali tanlab olinadilar.

4-savol: Qanday holatlarda safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati uchun toʻlangan pul badali qaytarib beriladi?

Pul badalini toʻlagan, biroq harbiy yigʻindan oʻtmagan fuqarolarga toʻlangan mablagʻlar quyidagi holatlarda, yaʼni fuqaro:

harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganda;

tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan

27 yoshgacha I, II yoki III guruh nogironligi berilgan holatda;

vafot etganda;

yanglishib pul badali oʻtkazilganda – fuqaroga pul badali belgilangan tartibda qaytarib beriladi.

5-savol: Hozirgi kunda armiyaga qadar qaysi turdagi harbiy mutaxassisliklar tayyorlanadi va qaysi muddatlarda oʻqitiladi?

Bugungi kunda har bir viloyatning Mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida harbiy-texnika mutaxassisliklarini tayyorlash markazlari tashkil etilgan boʻlib, ularda oʻquv jarayonlari yilning quyidagi muddatlarida oʻtkaziladi:

1-oʻquv davri – 15-martdan 30-iyungacha;

2-oʻquv davri – 5-iyuldan 20-oktyabrgacha;

3-oʻquv davri –25-oktyabrdan 10-fevralgacha.

Chaqiriluvchilar 9 ta harbiy-texnika mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha tayyorgarlikka jalb etiladi, yaʼni “V-S” toifali haydovchilar, haydovchi-elektriklar, haydovchi-yoqilgʻi quyuvchilar, radiotelefonistlar, telefonistlar, oʻqchi-oshpazlar, chavandozlar, dizelist-elektriklar va xizmat itlari yoʻriqchilari.

6-savol: Egizaklar hozir ham harbiy xizmatni birgalikda oʻtaydilarmi? Agar bordi-yu, ularning biri SCHR, ikkinchisi muddatli harbiy xizmatga borishni xohlasa, ularning xohishi inobatga olinadimi?

Egizaklarni muddatli harbiy xizmatga jalb etish jarayonida avvalom bor ularning Tanlov kengashi tomonidan muddatli harbiy xizmatga tavsiya etilganligi, jismoniy holati hamda asosiysi sogʻligʻining holati inobatga olinadi. Agarda ularning biri Safarbarlik chaqiruvi rezervi, ikkinchisi muddatdi harbiy xizmatga borishni xohlasa, yuqoridagi holatlar inobatga olingan holda tegishli qaror qabul qilinadi.

7-savol: Oliy taʼlim muassasasida oʻqiyotgan talaba qanday qilib bir oylik harbiy xizmatga borib kelishi mumkin, bu oʻqishiga xalaqit bermaydimi?

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, oliy taʼlim muassasasi talabalari oʻqiyotgan davrida oʻz xohishlariga koʻra harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari boʻlimlarida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga oʻtishlari, belgilangan pul badalini toʻliq toʻlab boʻlganlaridan soʻng, yozgi taʼtil vaqtida, yaʼni yilning iyul-avgust oylarida oylik harbiy yigʻinlarga borib kelishlari mumkin.