Tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, soha faxriylari hamda tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari ishtirok etdi.

Marosimda Botir Qudratxo‘jayevning Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidagi faoliyati sarhisob qilindi.

Xususan, uning uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va terrorizmga qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni ta'minlash, odam savdosiga barham berish hamda ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtirish borasidagi faoliyati e'tirof etildi. Shuningdek, uning boy tajribasi va xizmat vazifalariga mas'uliyat bilan yondashuvi alohida ta'kidlandi.

Xizmat faoliyati davomida erishgan yutuqlari va ichki ishlar organlari tizimi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Botir Qudratxo‘jayevga Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan «Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi» ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Marosimda general-mayorning yangi lavozimdagi faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash, Vatan tinchligi va xavfsizligini ta'minlash yo‘lidagi mas'uliyatli vazifalarni bajarishda ulkan yutuqlar tiladi.