Ishtirokchilar ilk harbiy koʼnikmalarni sinovdan oʼtkazadigan “Harbiylashtirilgan estafeta”, tibbiy bilimlarning amalda namoyishi boʼlgan “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʼrsatish”, sinchkovlikni sinovdan oʼtkazgan “Mohir mergan”, oʼtmishdan saboq chiqarishga undaydigan “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlarida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishdi.
Jamoalar mudofaa vaziri hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari koʼz oldida “Safda qoʼshiq aytish” shartini bajarib, olqish oldilar. Oʼz jamoasi uchun mardonavor kurashayotgan, qalbida vatanparvarlik tuygʼusi joʼsh urayotgan yoshlarning ertangi kunga boʼlgan ishonchi yuksak. Bu ularning shijoatida, intilishlarida yaqqol namoyon boʼldi.
Bir necha kun davom etgan harbiy-sport musobaqasi davomida yoshlar bilan turli madaniy-maʼrifiy va koʼngilochar tadbirlar, ekskursiyalar uyushtirildi. Gulxan atrofida tashkil etilgan “Qoʼmondon va yoshlar” uchrashuvida ertamiz egalari bilan samimiy savol-javoblar oʼtkazildi.
Nihoyat, murosasiz, qizgʼin bahs-munozaralar natijasiga koʼra “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasida uchinchi oʼrinni Samarqand viloyatining “Sohibqiron Temur” jamoasi, ikkinchi oʼrinni Toshkent viloyatining “Temur avlodlari” jamoasi qoʼlga kiritdi. Qoraqalpogʼiston Respublikasining “Lochin” jamoasi esa mudofaa vaziri kubogi sohibi boʼldi.
“Eng mohir mergan” nominatsiyasida Sevinch Ilyosova (Toshkent viloyati), “Eng kuchli sportchi” nominatsiyasida Bunyod Jabborov (Samarqand viloyati), “Аmir Temur tuzuklari bilimdoni” nominatsiyasida Shahzod Ergashev (Toshkent shahri) gʼoliblikni qoʼlga kiritdi.
Birinchilikni qoʼlga kiritgan jamoa va nominatsiya gʼoliblariga kubok, diplom va esdalik sovgʼalarni mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov topshirdi.
Yoshlarni ham jismonan, ham maʼnan yetuk, buyuk ajdodlarimizga munosib etib tarbiyalashda, ularning Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʼularini yanada oshirishda bu kabi musobaqalar muhim ahamiyatga ega ekani amalda oʼz isbotini topti. Ushbu musobaqa yoshlar uchun iroda va mahorat sinovi boʼlganligi taʼkidlandi. Yosh vatanparvarlar yuksak orzular, yangi qarashlar, qatʼiy maqsadlar bilan oʼz viloyatlariga qaytishdi.
Аziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi