Muftiy diniy soha xodimlarini jiddiy ogohlantirdi

    Dolzarb 22 Sentabr 2022 2345

    Imom-domlalar bosar-tusarini bilmay qolgani, amaldagi qonun talablarini mensimayotgani va moʻmin-musulmonlar boʻlinishiga sababchi boʻlayotgani diniy sohaga katta dogʻ ekanini afsus bilan qayd etildi.

    Kuni kecha, 21-sentyabr kuni respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblarining oʻta tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishida Muftiy hazrat barcha diniy soha xodimlarini jiddiy ogohlantirdi.

    Majlisda ayrim imom-domlalar bosar-tusarini bilmay qolgani, amaldagi qonun talablarini mensimayotgani va moʻmin-musulmonlar boʻlinishiga sababchi boʻlayotgani diniy sohaga katta dogʻ ekanini afsus bilan qayd etildi.

    Muftiy hazrat yurtimiz moʻmin-musulmonlari huquqiy davlat va qonun ustuvor boʻlgan jamiyatda istiqomat qilishi, barcha qonun oldida teng ekanini, shu bois, nima kasb qilish va qanday lavozim egasi boʻlishidan qatʼiy nazar barcha qonunga amal qilishi zarur ekanini alohida taʼkidladi.

    Agar-da, huquqiy normalarini mensimay, odamlarni tafriqaga chaqirsa, muayyan shaxs, hudud yo kasb egalariga nisbatan tahqirlashlarga yoʻl qoʻysa, mavjud holatni qonun doirasidan chetda hal qilishga urinsa, har qanday diniy soha xodimi salohiyati yoki qancha yil mehnat qilganiga qaramay vazifasidan ozod qilinishini Muftiy hazrat qatʼiy bildirdi. Qonunga itoat – rahbarga itoat, bu esa dinimiz talabi hisoblanishi eslatildi. Asosiy mezon halollik, taqvo, sadoqat va itoatda ekani bayon etildi.

    Mana shunday qoʻpol xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noibi va 2 nafar viloyat muhtasibi oʻtgan 8 oyda vazifadan boʻshatilgani, shuningdek, 19 nafar diniy soha xodimiga “hayfsan” jazosi berilgani maʼlum qilindi.

    Shuningdek, ushbu yigʻilishning oʻzidayoq 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olindi va 1 nafariga intizomiy chora qoʻllandi.

    Shuningdek, barcha diniy soha xodimlari ish faoliyatini tartibga solishi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirildi.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
    Matbuot xizmati