U oʻz murojaatida saxovatpesha kishilarni maktab qurish yoki taʼmirlash ishlariga ham katta eʼtibor qaratishlarini tavsiya etdi.
Taʼkidlanishicha, maʼrifat, ziyo maskani boʻlgan taʼlim dargohlarini qurish, obod qilish ajri ulugʻ amallardan. Shuningdek, taʼlim muassasalari talaba va oʻquvchilarni moddiy tarafdan taʼminlash, ularni kontrakt-shartnomalarini toʻlab berish, oʻquv qurol va darsliklarini olib berish savobi doimiy yozilib turadigan sadaqai joriya boʻladi.
«Taassufki, toʻylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bagʻishlangan yigʻinlar, ulardagi bir-biridan oʻtib tushadigan, kimoʻzarga, riyoga, isrofga toʻla ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri boʻlib kelmoqda.
Shu oʻrinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar soʻzimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini koʻpaytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning oʻrniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega boʻlamiz, inshoaalloh«, deydi Muftiy hazratlari.
Ijtimoiy himoya boʻyicha davlatimiz rahbarining tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan holda, din peshvolari quyidagi 7 ta vazifani amalga oshirishni belgilab olmoqda:
Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targʻibot-tashviqot ishlarini keng koʻlamda amalga oshirish.
Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini oʻquv kurslarida oʻqitishi, kasb-hunarga oʻrgatishi va doimiy daromadga ega boʻlishiga koʻmaklashish.
Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda taʼmirlash ishlariga yordam koʻrsatish.
Toʻrtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz boʻyicha kam taʼminlangan oilalar farzandlari boʻlgan 200 nafar yoshni kasbga oʻrgatish va ish bilan band qilish.
Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga koʻmaklashish.
Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar koʻrsatish ishlarini tashkil etish.
Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan toʻy-maʼraka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xoʻjakoʻrsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targʻibot ishlarini amalga oshirish.