Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti kimlarga beriladi?

    Fan 16 Noyabr 2020 3083

    Bugun, 16-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti borasida press-brifing oʻtkazildi. 

    Unda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori bilan mamlakatimiz va xorijda faoliyat yuritayotgan matematika sohasidagi olimlar jamoasini keng tanishtirish va jamoatchilikka ushbu mukofot taqdirlash tartibi haqida maʼlumotlar berildi.

    Brifingda V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori oʻrinbosari Oʻtkir Roziqov, Oʻzbekiston Matematiklari jamiyati direktori oʻrinbosari Abror Xudayberdiyev ham ishtirok etishdi.

    Mukofot bilan matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlar, shu jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar yakka tartibda taqdirlanadi. Mukofot bilan taqdirlash bir shaxsga matematika sohasidagi bir yoki bir nechta yutuqlari uchun amalga oshirilishi mumkin.

    Mukofot 2 yilda bir marta Prezident tomonidan Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashining (Kengash) taklifiga koʻra quyidagi 3 yoʻnalish boʻyicha beriladi:

    • fundamental sohadagi tadqiqot;
    • yoshlar oʻrtasidagi tadqiqot;
    • iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini taʼminlagan tadqiqot.

    Matematika sohasidagi yutuqlarni aniqlash va mukofot bilan taqdirlanadigan nomzodlarning dastlabki roʻyxatini tayyorlash uchun Matematika jamiyatida doimiy asosda faoliyat olib boruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotiga nomzodlar boʻyicha takliflarni tayyorlash Qoʻmitasi tuziladi.

    Qoʻmita Matematika jamiyatiga aʼzo boʻlgan ekspertlardan iborat tarkibda tuziladi va Matematika jamiyatining umumiy yigʻilishi qarori bilan tasdiqlanadi.

    Qoʻmita tarkibiga Matematika jamiyati aʼzosi boʻlgan matematika sohasidagi yetakchi xorijiy mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Qoʻmita matematika sohasidagi ilmiy yutuqlarni aniqlash uchun doimiy kuzatuvlar oʻtkazadi.

    Unda fundamental sohadagi tadqiqotlar boʻyicha:

    • ilmiy nashrlar jamlangan axborot resurslari, jumladan, umumeʼtirof etilgan indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalaridagi jurnallarda;
    • davriy chop etiladigan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda;
    • yoshlar oʻrtasidagi tadqiqot boʻyicha:
    • ilmiy nashrlar jamlangan axborot resurslari, jumladan, umumeʼtirof etilgan indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalarida;
    • davriy chop etiladigan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda;
    • yoshlarning ilmiy taklif va tavsiyalari toʻgʻrisida Internet jahon axborot tarmogʻida;

    iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini taʼminlagan tadqiqotlar boʻyicha:

    • ilmiy nashrlar jamlangan axborot resurslari, jumladan, umumeʼtirof etilgan indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalaridagi jurnallarda;
    • davriy chop etiladigan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda;
    • iqtisodiyotning real sektoridagi muayyan muammoning yechimini taʼminlagani toʻgʻrisida Internet jahon axborot tarmogʻida eʼlon qilingan ilmiy natijalar koʻrib chiqiladi.

    Shu bilan birga mukofot bilan taqdirlashda quyidagi ishlar koʻrib chiqilmaydi:

    • avval mukofot bilan taqdirlanganlar;
    • avval koʻrib chiqilgan, biroq Kengash tomonidan mukofot bilan taqdirlash uchun tavsiya etilmagan ilmiy yutuqlar;
    • manfaatdor tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar tomonidan mukofot bilan taqdirlash uchun ilgari surilgan nomzodlar boʻyicha murojaatlar.

    Mukofot 1 ta yoʻnalish boʻyicha 1 ta olimga yoki olimlar jamoasiga teng taqsimlanish asosida beriladi. Shu bilan birgalikda, Mukofot har 2 yilda 3 ta yoʻnalishga ham beriladi degani emas, agar mukofot talablariga mos nomzodlar boʻlmasa yoʻnalishlar boʻyicha mukofot taqdim etilmasligi mumkin.

    Mukofot 50 ming AQSH dollari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Innovatsiya Vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida taqdim etiladi. Mukofotga berilgan mablagʻlarni olimlar yoki olimlar jamoasi tomonidan sarflanishi nazorat qilinmaydi.