Tanlovning asosiy maqsadi oʻquvchi yoshlarning isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini namoyon etish, oʻzlari tanlagan ixtisosliklarni chuqur oʻrganishga qiziqishni oshirish, oʻzbek va boshqa xalqlar kuylaridan bahramand boʻlishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Madaniyat vazirligi tomonidan uch yilda bir marotaba oʻtkaziladigan mazkur tanlovning bu galgi bosqichida 16 yoshgacha boʻlgan oʻquvchi yoshlarning anʼanaviy ijrochilik va xalq cholgʻulari yoʻnalishida jami 29 ta nominatsiya boʻyicha ijodiy ishlari qabul qilindi. Hududiy bosqichlarida 13 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, ularning 253 nafari respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Hozirgi kunda oʻquvchilardan qabul qilib olingan videoyozuvlarni Hakamlar hayʼati tomonidan saralash boshlandi. Natijalar boʻyicha tez orada toʻliq maʼlumot beriladi va gʻoliblar “Turkiston” sanʼat saroyida boʻlib oʻtadigan tantanali marosimda taqdirlanadi.