Oliy oʻquv yurtlarining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetlarida hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida adabiyot fanidan dars beruvchi oʻqituvchilarimiz “Adabiyotshunoslikka kirish” darsi yuzasidan nazariy bilim berish jarayonida muhim oʻquv qoʻllanmasi boʻlmaganligi sababli adabiyotshunoslik terminlarini taʼriflab tushuntirishda bir qancha noaniqliklar yuz berardi. Adabiyot fanidagi terminlarning mazmunini ifodalovchi lugʻat yoʻq hisobida edi. Xuddi mana shu jarayonda hayotimizda yuz bergan tarixiy oʻzgarishlar barcha ijtimoiy fanlarning mohiyatini, asosiy qoidalarini mustaqillik mafkurasi ruhida qayta idrok etishni yangicha tahlil va talqin qilish davlatimiz tomonidan zarur qilib qoʻyildi. Buning natijasida barcha ijtimoiy fanlar boʻyicha hozirgi davr ruhiga, demokratik oʻzgarishlar va islohotlarga mos keladigan darsliklar, qoʻllanmalar va dasturlar yaratishga kirishildi.
Izlanishlar natijasida adabiyotshunos olim Erkin Xudoyberdiyevning “Adabiyotshunoslikka kirish” darsligi chop etildi. Ushbu darslikda muallif badiiy vositalarning imkoniyatlarini koʻp yillik tajribasi asosida metodik jihatdan yoritib berishga erishgan. Shuningdek, kitobda XX-XXI asr sheʼriyati hamda prozasining tadrijiy takomili, mohiyati, mazmun-mundarijasi, adabiyot darsliklaridagi yangilanishlar teran tahlil qilingan. Bu esa oʻquvchining mumtoz adabiyotga boʻlgan qiziqishini kuchaytiribgina qolmay, tilimizning qanchalar serqirra ekanligini namoyon qiladi.
Yoqubjon Toshpoʻlatov,
Andijon davlat universiteti dotsenti, falsafa fanlari nomzodi