Respublikamizning gegrafik joylashuvi, tabiati, iqlimi, landshafti oʻziga xos. Hududimizda togʻlar, suv havzalari, bepoyon ekinzorlar, qum barxanlari ham bor. Har bir viloyatimizda odamning eʼtiborini oʻziga tortadigan, diqqatga sazovor obida, ziyoratgoh, uzoq-yaqin tarixdan qolgan yodgorliklar mavjud. Ushbu hududlarda xavfsiz turizmni tashkil etish bosh maqsadimizdir. Bugungi kunda, Boʻstonliq tumanidagi sayyohlik obyektlariga boʻlgan talab ortib, yiliga oʻrtacha 1 -1 yarim milliongacha aholi hordiq chiqarib kelayotgani, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari esa avvalgi yillardagi shtat birliklari asosida oʻzgarishsiz boʻlib kelayotgan edi, bu esa, aholi va dam oluvchilarning xavfsizligini taʼminlashda bir qator muammolarni vujudga keltirar edi.
Shularni hisobga olib hududlarda turistik zonalar yaratilishi natijasida sayyohlar oqimining koʻpayishi va favqulodda vaziyatlar koʻrsatkichlarining oʻsishi ehtimoli borligini inobatga olib, taraqqiyot strategiyasi doirasida “Chorvoq-Chimyon” yirik turistik zonasida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yongʻin – qutqaruv boʻlinmalari negizida Ixtisoslashgan koʻp tarmoqli boshqarma tashkil etilib, uning asosiy vazifalari belgilandi.
Shuningdek, Respublikamizdagi oʻrmon fondi resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash, keng koʻlamda koʻpaytirishni joriy etish, oʻrmonlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish, sanoat koʻlamida manzarali va mevali daraxt va butalar plantatsiyalarini yetishtirish hududlarning ekologik holatini yaxshilash hamda dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirishda muhofaza qilinayotgan hududlarda bir qator tashkiliy ishlar amalga oshirilishiga qaramasdan oʻrmonlarda kichik-kichik boʻlsada yongʻinlar sodir boʻlib, oʻsimliklarga zarar yetishiga sabab boʻlmoqda.
Bu boradagi davlat siyosatining ustivor yoʻnalishlarini amalga oshirilishi natijasida kelajak avlodlarga ekologik qulay sharoit yaratish va oʻrmonlarda yuz bergan yongʻinlarni tezkorlik bilan bartaraf etishning samarali tizimini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Toshkent va Jizzax viloyatlari xokimliklari bilan hamkorlikda Boʻstonliq va Zomin tumanlarida oʻrmon yongʻinlarini bartaraf etish uchun Toshkent va Jizzax viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tarkibida ixtisoslashtirilgan yongʻin-qutqaruv otryadlari tashkil etilib, vazifalar belgilab berildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent va Jizzax viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tarkibida Boʻstonliq va Zomin ixtisoslashtirilgan otryadlari tashkil etilishi natijasida oʻrmon xoʻjaliklari mutaxassislari tomonidan oʻrmon fondi resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash, keng koʻlamda koʻpaytirishni joriy etish, oʻrmonlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish, sanoat koʻlamida manzarali va mevali daraxt va butalar plantatsiyalarini yetishtirish, hududlarning ekologik holatini yaxshilash hamda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish jarayonlarida sodir boʻlgan tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar oqibatlari tezkorlik bilan bartaraf etilishiga erishiladi;
Togʻ va togʻ olidi hududlaridagi oʻrmonlarda yongʻinlarni oʻchirish uchun maxsus texnikalarning tezkor yetib borishi hamda harakatlanishi cheklanganligi bois ushbu otryadlar oʻtuvchanligi yuqori boʻlgan maxsus yongʻin-qutqaruv texnikalari bilan taʼminlanadi;
Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmon va sayyohlarga shuningdek, ichki turizim koʻlami kengayishini xisobga olib xavfsiz turizmni taʼminlashda Favqulodda vaziyatlar vazirligi vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻygan. Bundan tashqari oʻrmonlarda yongʻin omillarining koʻpligi hamda oʻsimliklar zich joylashganligi, sodir boʻlgan tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish murakkabligi sababli ushbu ishlarni amalga oshirish uchun maxsus otryadlar tashkil etildi.
Hasan Abdunazarov