Nizomga koʻra, muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tegishli vositalarni sotib olish imkoniyatini taqdim etuvchi sertifikat orqali amalga oshiriladi.
Sertifikat muhtoj shaxslarga tuman (shahar) tibbiyot-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimlari tomonidan beriladi.
Agar nogironligi boʻlgan shaxsni reabilitatsiya qilishning texnik vositasi yoki xizmatlar oʻz hisobidan qoplangan boʻlsa, unga vositaning yoki xizmatning qiymati miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.
Muhtoj shaxslarga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari tegishli tibbiy xulosa asosida beriladi. Bunda tibbiy xulosalar ularning doimiy yashash joyi boʻyicha:
pensiya yoshidagi muhtoj shaxslarga – Tibbiy-maslahat komissiyasi tomonidan;
18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalarga – Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan;
18 yosh va undan katta yoshdagi nogironligi boʻlgan shaxslarga – Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan beriladi.
Shunga koʻra, har keyingi yil uchun har yili 15-dekabrgacha protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtoj shaxslar roʻyxati shakllantiriladi.
Birinchi marta murojaat qilgan muhtoj shaxslarga sertifikat rasmiylashtirish muddati murojaat qilingan kundan boshlab 30 ish kunidan oshmasligi lozim.
Muhtoj shaxs sertifikat asosida oʻzi tanlagan tashkilotga murojaat qiladi.
Sertifikatning amal qilish muddati rasmiylashtirilgan yil uchun haqiqiy hisoblanib, keyingi yil uchun amal qilmaydi.
Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini tayyorlash va yetkazib berishning soʻnggi sanasi har yilning 20-dekabridan kechikmasligi lozim.
Shuningdek qarorga koʻra, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari oʻrtacha narxlari keyingi yil uchun har yili 5-dekabrgacha shakllantiriladi hamda 15-dekabrgacha tasdiqlanadi.