Aholi bandligini taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat munosabatlariga xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama markazida boʻldi.
Xalqaro anjumanda Oʻzbekiston ish beruvchilari konfederatsiyasiga aʼzo yirik kampaniya va korxonalar, uyushmalarning, shuningdek, tegishli xalqaro tashkilotlarning va xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayevaning videomurojaati bilan boshlandi.
Senat Raisi oʻz soʻzida soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh etilganini, sohada fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi.
Xususan, mamlakatimizda munosib mehnat sharoitlarini yaratishda mehnat munosabatlari va bandlik sohasida amalga oshirilgan islohotlarda Xalqaro mehnat tashkilotining prinsiplari asosida 2018-yilda Oʻzbekiston ish beruvchilari konfederatsiyasi va 2019-yilda Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi tuzilganligi va ular samarali faoliyat yuritib kelayotganligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston ish beruvchilari konfederatsiyasining tashkil etilishi mamlakatimizda mehnat munosabatlari sohasida uch tomonlama hamkorlikni toʻliq yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarining amaliyotga tatbiq etilishida 2019-yilda tashkil etilgan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy va hududiy komissiyalar, shuningdek, ushbu masalalar boʻyicha Milliy maʼruzachi institutining taʼsis etilgani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, Milliy komissiya oʻz faoliyatini milliy qonunchilikni va tashkiliy-huquqiy bazani takomillashtirishga, xalqaro standartlarni implementatsiya qilishga, institutsional asoslarni rivojlantirishga, sohada amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini tizimli tahlil qilish va mavjud muammolarning yechimiga tizimli yondashishga, shu bilan birga, fuqarolik jamiyati vakillari va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratdi.
Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan “2014-2016-yillarga moʻljallangan va keyinchalik 2020-yilga qadar uzaytirilgan “Oʻzbekistonda munosib mehnat dasturi”da belgilangan ustuvor vazifalarning muvaffaqiyatli ijrosini taʼminladi. 2021-yil sentyabr oyida Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan yangi mamlakat dasturi qabul qilindi.
Mazkur dasturda asosiy eʼtibor munosib mehnat sharoitlarini yaratish, norasmiy bandlikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish, mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish kabi masalalarga qaratilganligi alohida qayd etildi.
Tadbir davomida 2022-yil 10-martda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan 2009-yilda eʼlon qilingan oʻzbek paxtasini global boykot qilish chaqirigʻi tugagani maʼlum qilingani va bu Oʻzbekiston bozoriga toʻqimachilik sanoatining dunyodagi yetakchi korxonalari va xorijiy investitsiyalarning kirib kelishiga, millionlab odamlarga yangi ish oʻrinlari va qator yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.