Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boʻlimi tomonidan muqobil energiya manbalaridan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etilishi yuzasidan bir qator targʻibot-tashviqot va amaliy ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi, “Yangi chorvador” fermer xoʻjaligida joylashgan “Xurshidbek Abduazimov dalasi” fermer xoʻjaligida oʻrnatilgan quvvati 37 kVt boʻlgan quyosh panellari ham amalga oshirilgan ishlarning samarasidir.
Joriy yil boshida “Oʻzenergoinspeksiya” Jizzax hududiy boʻlimiga fermer xoʻjaligini zaxira elektr taʼminoti bilan taʼminlash loyihasi taqdim etildi. Loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha hisoblangan qaryib 200 million soʻm mablagʻ oʻrniga boʻlim tomonidan quyosh panellari oʻrnatish tavsiyasi berildi. Quyosh panellarini sotib olish va undan foydalanishda beriladigan imtiyozlar, elektr energiyasi bilan taʼminlashda uzilishlar boʻlmasligi, elektr energiyasiga boʻlgan toʻlovlarning kamayishi kabi qulayliklar maʼqul kelib, xoʻjalik rahbari tomonidan quyosh panellari sotib olinib, oʻrnatildi.
Ushbu oʻrnatilgan 37 kilovatt quvvatli quyosh panellari yordamida ekin maydonlarini sugʻorish ishlari boshlandi.
Ushbu qurilmalarni oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun quyosh panellarini ishga tushirish jarayoniga shu hududda joylashgan “Shohruh-Dilruh” fermer xoʻjaligi rahbari ham taklif etildi. Loyiha xoʻjalik rahbariga maʼqul kelib, kelajakda u ham muqobil energiya manbalaridan foydalanish istagini bildirdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Oʻzenergoinspeksiya” maʼlumotiga tayanib.