Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan fuqarolarning murojaatini o'rganish maqsadida viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasining boshlig'i Azamat Avazov Dehqonobod tumanida sayyor qabul o'tkazdi, deb xabar berdi Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati.
Sayyor qabul jarayonida, Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan jami 8 nafar fuqarodan 4 nafari Dehqonobod tuman Bolalar va o'smirlar sport maktabi direktor Anvar To'layevning ustidan shikoyat qilib, fuqarolarning murojaatlarini o'z vaqtida qanoatlantirmaganini ta'kidlab o'tishgan.
Shuningdek, sport maktabida musobaqalarni o'tkazish orqali o'quvchilarning jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb qilish bo'yicha keng imkoniyatga ega bo'lishiga qaramasdan, o'z lavozimiga sovuqqonlik bilan yondoshgani bois, Anvar To'layev egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Xabarda aytilishicha, Dehqonobod tuman Bolalar va o'smirlar sport maktabi direktorligi lavozimi uchun ochiq tanlov e'lon qilinadi.