Murojaatnoma: aholi salomatligini mustahkamlashda yangicha yondashuv

    Dolzarb 30 Dekabr 2020 4241

    Bu yil pandemik sharoit yuzaga keltirgan global iqtisodiy inqiroz davrida ham xalqimizning hamjihatligi, olib borilgan oqilona ijtimoiy-iqtisodiy siyosat tufayli mamlakatimiz dunyo hamjamiyatiga oʻzbek xalqi nimalarga qodir ekanligini koʻrsatdi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlisga Murojaatnoma yoʻllash anʼana tusiga kirib ulgurdi. Shunday Murojaatnomalarning navbatdagisi kuni kecha Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllandi. Unda Prezident tomonidan gapirilmagan hayotimizning hech bir jabhasi qolmadi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Unda yakuniga yetayotgan mazkur yilda erishilgan natija va yutuqlar atroflicha tahlil qilinishi bilan birga, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham eʼtibordan chetda qolmadi.

    Albatta, bu yil pandemik sharoit yuzaga keltirgan global iqtisodiy inqiroz davrida ham xalqimizning hamjihatligi, olib borilgan oqilona ijtimoiy-iqtisodiy siyosat tufayli mamlakatimiz dunyo hamjamiyatiga oʻzbek xalqi nimalarga qodir ekanligini koʻrsatdi.

    Murojaatnomadagi asosiy jihatlardan biri sifatida bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblangan sogʻliqni saqlash masalasini misol qilib keltirsak boʻladi.

    Sogʻliqni saqlash sohasi bugun, ayniqsa har qachongidan ildamlab ketdi. Boisi global pandemiya bu sohaga taʼsir oʻtkazmay qoʻymadi. Shifoxonalar va sogʻliqni saqlash muassasalarining biroz zamon bilan hamnafas ravishda rivojlanmayotganligi sezildi. Shu sababli, Prezidentimiz kelayotgan 2021-yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi. Buning zamirida esa aholining sogʻlom turmush tarziga erishishi, insonning salomatligi oliy neʼmat ekanligi, muhimi maksimal darajada fuqarolarning sogʻligʻiga erishish maqsad qilindi.

    Inson salomatligi sifatli hayot kechirishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu borada inson huquqlari qatorida eng muhimlaridan biri – sogʻliqqa boʻlgan huquqdir. Yaʼni, salomatlikka boʻlgan huquq deganda biz insonni nafaqat sogʻ-salomat boʻlish huquqi, balki sogʻlom turmush, sogʻlom hayot kechirishiga kerak boʻlgan barcha shart-sharoitlar bilan taʼminlanish, davlat hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan himoyalanishini tushunamiz.

    Prezidentning 2019-yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham “Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, biz uchun hayotiy muhim masaladir”, deb taʼkidlaganlari bejiz emas.

    Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida ham “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir”, deya qayd etilgan.

    Taʼkidlash oʻrinliki, aholi salomatligini taʼminlash va himoya qilish maqsadida tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirishga alohida yondashilmoqda. Oilada ona va bolaning oʻrni, ularga boʻlgan gʻamxoʻrlik har qachongidan koʻproq ekanligini guvohi boʻlyapmiz. Bu borada ishlar qatorida ona va bolalar bepul dori vositalarini taʼminlanmoqda. 2021-yildan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar va dori vositalarining bepul tarqatilishi rejalashtirilganligi quvonarli holat. Bu jarayonga 2021-yilda 11 million, 2022-yilda 17 million aholi qamrab olinishi, ularni yod, temir va foliy kislotasi hamda vitaminlar bilan taʼminlanishi oqibatida aholining
    25 foizida kamqonlik kamaytirilishiga erishiladi.

    Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, bugungi epidemiologik vaziyat murakkabligini inobatga olib, yurtimizda davom etayotgan keng qamrovli islohotlar, yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom boʻlishini taʼminlash eng asosiy vazifamiz boʻlishi, bu yoʻlda har bir davlat xizmatchisi oʻzining vatanparvarlik tuygʻusini namoyon etib, mamlakatimiz rivoji uchun oʻz hissasini qoʻshmogʻi darkor.

    ALIJON BINAKULOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Ixtisoslashtirilgan filiali

    Jinoyat-huquqiy fanlar kafedrasi oʻqituvchisi