Murojaatnoma mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar ijrosida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining oʻrni muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 24 Yanvar 2023 1214

    Joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlis Senati tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va unda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda vakillik organlarining roli” mavzusida oʻquv seminari tashkil etildi.

    Videokonferensaloqa tizimi shaklida oʻtkazilgan mazkur oʻquv seminarida Oliy Majlis Senati aʼzolari, barcha darajadagi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyatlari mudirlari ishtirok etdi.

    Seminarda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari Olim Soliyev, Adliya vazirining oʻrinbosari Aktam Muhammadiyev, Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilshod Kenjayev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, senatorlar va bir qator mutasaddilar maʼruza qildi.

    Taʼkidlanganidek, Davlat rahbarining navbatdagi Murojaatnomasida oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan islohotlar chuqur tahlil etilib, davlat va jamiyat taraqqiyotini taʼminlash borasidagi muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

    Prezident oʻz Murojaatnomasida oltita ustuvor yoʻnalishni va ularning har birini keng tahlil qilib berdi. Bu borada Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari oʻz maʼruzasida ushbu yoʻnalishlarning barchasiga toʻxtalib, seminar ishtirokchilariga batafsil tushuntirib berdi.

    Jumladan, S.Safoyev ijtimoiy davlat tamoyilini roʻyobga chiqarish borasidagi vazifalarga toʻxtalar ekan, 2023-yildan maktab taʼlimi xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishini, ona tilimizga eʼtibor oshirilishini, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi oshirilishini, investitsiya dasturlarini mahalla darajasiga tushirish choralari koʻrilishini alohida qayd etib oʻtdi.

    Bu borada mahalliy Kengash deputatlaridan ham katta masʼuliyat talab etilishi qayd etildi.

    Tadbir davomida boshqa maʼruzachilar ham Murojaatnomaning ahamiyati, ayniqsa, joylarda islohotlarning muvaffaqiyatli borishida mahalliy Kengashlarning oʻrni muhimligi, Murojaatnomada vakillik organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan ham oʻziga xos vazifalar belgilanganini alohida tushuntirib berdi.

    Seminar soʻnggida Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosining sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishida mahalliy Kengashlar faol boʻlishi lozimligi yana bir bor eslatib oʻtildi. Bu borada zarur tavsiya va takliflar bildirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.