Ma’lumot uchun, mazkur kompaniyalar asosan qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish-pudrat, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, energetika, turizm, oliy ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatadi.
Tadbirda Xitoyning mashinasozlik va elektrotexnika sanoati bo‘yicha yirik savdo-sanoat palatasi, Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari O‘zbekistondagi ijobiy faoliyat tajribasi bo‘yicha so‘zga chiqdilar.
Biznes-forumning ikkinchi qismi “Biznes-Hukumat” va “Biznes-Biznes” formatida muzokaralar shaklida o‘tkazildi.
Unda Qashqadaryo viloyatidan Xitoyga delegasiya tarkibida borgan 20 dan ortiq tadbirkorlar xorijiy tomon tadbirkorlar doirasi vakillari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha muloqot qildilar.
Forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 200 mln. dollardan ortiq investisiya shartnomalari imzolandi.
Shunindek, safar jarayonida Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi ofisida kompaniya rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda kompaniya bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalarida muzokaralar o‘tkazildi.
Unda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yiliga 200 ming xorijiy turistga xizmat ko‘rsatadigan “Qaynar” turistik-rekreasion zonasini tashkil etish, jumladan, hududning xalqaro darajadagi master-rejasini ishlab chiqish masalasida kelishuvga erishildi.
O‘z navbatida, mazkur hududda 15 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar kiritish asosida zamonaviy osma dor yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuv hujjati imzolandi.
Shuningdek, “Qarshi” xalqaro ayeroporti yaqinidagi maxsus iqtisodiy zonasini hamkorlikda rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.
Mazkur masalada Xitoy tomoni ushbu hududga xitoylik kompaniyalarni jalb qilish asosida uni kompleks rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini ma’lum qildi.
Viloyat hokimi davlat rahbarimizning tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, investisiya faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish siyosatlari natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda, shu jumladan, Qashqadaryo viloyatida kompaniya faoliyati uchun ulkan imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, “Bir makon-bir yo‘l”, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi, Xitoy tadbirkorlarining Afg‘oniston bozoriga kirishida viloyatning tranzit yo‘nalishda joylashuvining ahamiyati ham ta’kidlandi.
Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi ham O‘zbekistondagi shu jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi biznes muhitini qulayligini, keyingi rejalar viloyatga ko‘proq kompaniyalarni jalb etishga qaratilganligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida viloyat hokimligi va kompaniya rahbariyati o‘rtasida 16 mln. dollar qiymatdagi shartnomalar imzolandi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi delegasiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.