Mushuk politsiya bo'limini 1 kun “boshqardi”

    unga maqtov yorlig'i topshirildi

    Yaponiyada yashovchi Koko laqabli mushuk odamni qutqarishda yordam bergani uchun Toyama viloyatining politsiya bo'limi boshlig'i etib tayinlandi. Bu haqda “NHK” telekanali xabar berdi.

    Ma'lum bo'lishicha, 2020 yilda keksa odam kanalizatsiya ariqchasiga yiqilib tushgan. Uni qutqarishda Kokoning g'ayrioddiy xatti-harakati yordam bergan. Ya'ni u kanalizatsiya yonida o'tirib, suvga tikilib turgan. Buni payqagan mushuk egasi yaqinroq kelib, yiqilgan odamni ko'rgan va darhol yordam chaqirgan.

    Ta'kidlanishicha, Kokoning ushbu harakati uchun politsiya maqtov yorlig'i topshirdi. Mushukka maxsus forma va furajka kiydirildi. U bir kun bo'lim boshlig'i lavozimida faoliyat olib bordi. Shu vaqt ichida mushuk kichik maktab o'quvchilari uchun yo'l harakati xavfsizligi darslarida qatnashgan, hattoki tegishli deklaratsiyani “imzoladi”. Yaponiyada qabul qilingan odatga ko'ra, Koko panjasini qizil siyohga botirib, hujjatga “shaxsiy muhr” ham qo'ydi.