Mustaqil Oʻzbekiston — yangicha boshqaruv, yangi strategiya va yangi imkoniyatlar

    Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qoʻymoqda. Uzoq va yaqindagi barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarimiz tobora kengayib, rivojlanyapti. Davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlangan siyosati tufayli kelajagi buyuk mamlakatimiz taraqqiy topgan dunyo davlatlari bilan boʻylasha boshladi, bundan-da muhim oʻzgarishlar dunyoqarashimizda, turmush tarzimizda yuz berdi.

    2021-yilda mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk, olamshumul voqea — Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga 30 yil toʻladi. Mustaqillik yillarida koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi oʻzining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi, ogʻir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Mustaqilligimizning har bir yili Vatanimiz solnomasiga yorqin sahifa boʻlib kirdi.

    Istiqlol yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib, xalqimiz turmush farovonligi yuksaldi. Yurtimizning ilgarigi iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangan, qoloq respublikadan barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksalib borayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylandi.

    Bugun mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar Oʻzbekiston degan bagʻrikeng yurtni koʻrish uchungina emas, ayni chogʻda, uning tajribalarini oʻrganish, undan ibrat olish, zavqlanish uchun ham kelmoqda. Bularning barchasi istiqlol sharofati, Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining hayotga izchil tatbiq etilayotgani samarasidir. Negaki, “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasini haqqoniy voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritganimizni keng jamoatchilik eʼtirof etayotir.

    Shak-shubhasiz, keyingi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan olamshumul oʻzgarishlar, Yangi Oʻzbekiston konsepsiyasi, yurtimizda yildan yilga obod boʻlib ravnaq topayotgan shaharlar, tumanlar, viloyatlar, xalqimiz turmush darajasining ortib borayotgani davlatimiz rahbarining tinmas xatti-harakati, joʻshqin ish faoliyati, uzoqni koʻra bilishi va xalqchil, ijtimoiy yoʻnaltirilgan siyosati orqali yuz bermoqda.

    Keling, uzoqqa bormasdan soʻnggi toʻrt yilda olib borilgan ishlarga toʻxtalaylik. Chunki shu qisqa davrda mamlakatimizni modernizatsiya qilish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimining sifati va samarasini yana-da oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar hayotga tatbiq etildi.

    Iqtisodiyotni liberallashtirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini kuchaytirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish boʻyicha qilingan ishlar diqqatga sazovordir. “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” tamoyilini hayotga joriy etish orqali aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, biznes yuritish shartlarini yengillashtirish, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik, hunarmandchilikni ragʻbatlantirish uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar koʻlami yana-da kengaydi.

    Oliy maʼlumot olaman, oʻz ustimda ishlab, ilmli boʻlaman, degan, yuragida oʻti bor, joʻshqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklar yaratildi. Qizlarimiz uchun alohida grantlar ajratilib, jamiyatda xotin-qizlarning oʻrni va nufuzi, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, yosh qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun koʻmak va yordam berish, tadbirkor ayollarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga keng imkoniyatlar berildi.

    Uzoq yillar toʻplanib qolgan ijtimoiy muammolar amaliy yechim topa boshlagani ham xalqimizni hayotdan rozi boʻlib yashashida juda muhim omildir. “Bosh maqsadimiz — xalqimizning roziligi”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak” kabi hayotbaxsh gʻoyalarga asoslangan holda inson huquqlari va erkinliklarini toʻliq taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori tom maʼnoda tarixiy hujjat boʻldi. Ochigʻi, qarorni oʻqib, oʻtgan yillar davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar yana-da tezlashishiga, bu boradagi ishlar izchil davom etishiga amin boʻldim.

    Endi biz ham mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, mustaqillikni keng tarannum etishda faol va tashabbuskor boʻlishimiz kerak.

    Birinchidan, “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib shu asosida targʻibot-tashviqot tadbirlarini oʻtkazishimiz lozim.

    Ikkinchidan, “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha erishilayotgan natijalarni aholi keng qatlamlariga yetkazishda faollik talab etiladi.

    Uchinchidan, partiyamizning faoliyatining eng asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan iqtisodiyotni liberallashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga maʼmuriy taʼsirlarni qisqartirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini kuchaytirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish dasturlari, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarishda mavjud imkoniyatlarimizni toʻla ishga solishimiz zarur. .

    Toʻrtinchidan, “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” tamoyilini hayotga joriy etish orqali aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, biznes yuritish shartlarini yengillashtirish, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik, hunarmandchilikni ragʻbatlantirish borasida partiyaviy loyihalarimiz samarasini yana-da oshirishimiz lozim.

    Beshinchidan, faoliyatimizning yana bir muhim yoʻnalishi boʻlgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Bir million dasturchi” kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi, aholi bandligini taʼminlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot, sport sohalarini tubdan rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biridir.

    Bundan buyogʻiga hammamiz mana shu vazifalarni amalga oshirish uchun hamjihat boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerak. Agar biz bir maqsad, bir gʻoya atrofida birlashib, belgilangan vaziflarni sidqidildan amalga oshirsak, oʻylaymanki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida keng koʻlamli islohotlar, hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida katta oʻzgarishlarga munosib hissa qoʻsha olamiz.

    Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizdagi orqaga qaytmaydigan va muqarrar tus olgan bugungi xalqchil demokratik jarayonlar mustaqillik bergan eng katta neʼmat desak, ayni haqiqat. Shu jihatdan bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi qayta-qayta tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir!

    Aktam HAITOV,
    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi Spikeri oʻrinbosari,
    OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari