Ayniqsa, talaba-yoshlarning nafaqat taʼlim olishi, balki ularning yashashi, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi, maʼnaviy va jismoniy kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida oliy taʼlim tizimida yana bir muhim yangilik amalga oshirildi.
13 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
2026-yil 24-avgust kuni mamlakatimiz hududlarida yangidan barpo etilgan va kapital taʼmirdan chiqarilgan 13 ta talabalar turar joyi, jami 6 200 oʻrin, shuningdek, 4 000 oʻrinli oʻquv binolarini foydalanishga topshirish jarayoniga start berildi.
Ushbu tadbirlar mamlakatimiz yoshlari uchun zamonaviy taʼlim va yashash infratuzilmasini yaratish, oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan talabalar uchun qulay shart-sharoitlarni yanada kengaytirishga qaratilgan.
Tadbirning asosiy markazlaridan biri Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Toʻrtkoʻl fakultetida barcha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi talabalar turar joyining tantanali ochilishi boʻldi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Toʻrtkoʻl tumani hokimi Ilhomboy Xudaybergenov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Toʻlqin Teshaboyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yangi inshootlar — yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
Tadbir doirasida telemost orqali mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatilib, yangi talabalar turar joylari va taʼlim infratuzilmasi obyektlarining foydalanishga topshirilishiga start berildi.
Jumladan, quyidagi oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar turar joylari ochildi:
Qoraqalpogʻiston davlat universiteti;
Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti;
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filiali;
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Toʻrtkoʻl fakulteti;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti;
Namangan davlat universiteti;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti;
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti;
Guliston davlat pedagogika instituti;
Qoʻqon davlat universiteti;
Urganch davlat universiteti;
Urganch davlat tibbiyot instituti;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Yangi va kapital taʼmirdan chiqarilgan talabalar turar joylari zamonaviy talablar asosida jihozlanib, talaba-yoshlarning qulay va xavfsiz yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish — muhim ustuvor vazifa
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, oliy taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy taʼlim infratuzilmasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni taʼkidladilar.
Qayd etilganidek, zamonaviy talabalar turar joylari va yangi oʻquv binolarining barpo etilishi talaba-yoshlar uchun munosib yashash va taʼlim olish sharoitlarini taʼminlash bilan bir qatorda, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ilmiy-ijodiy salohiyatini rivojlantirish va jamoat hayotida faol ishtirok etishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi.
Eng muhimi, bunday infratuzilma loyihalari oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifatini oshirish, raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarga ega kadrlar tayyorlash uchun zarur muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilayotgan mazkur inshootlar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlarning yana bir amaliy ifodasi boʻlib, ular talaba-yoshlarning sifatli taʼlim olishi va munosib sharoitlarda tahsil olishiga xizmat qiladi.