Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan “Mustaqillik — huquq, imkoniyat va burch” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir, Davlat xizmatlari markazi va FHDYO boʻlimi xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Jasur Qayumov mustaqillik buyuk neʼmat ekanligi, istiqlol yillarida koʻhna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz qayta tiklanganligi, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusi yuragimizning tub-tubidan oʻrin olganligini taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning ijod va hayot yoʻli haqida yigʻilganlarga qisqacha maʼlumot berib oʻtdi.

Shoir oʻz soʻzida Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida toʻxtalib, Davlat xizmatlari markazi va FHDYO boʻlim xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotdan mamnunligini izhor etdi. Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yoʻlida tarixiy ishlar amalga oshirilayotganligi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etilganligi, xalqimizning ogʻirini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilash barcha islohotlarimizning bosh maqsadi etib belgilanginligi, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega xizmat binolarining qad koʻtarayotgani har bir ijodkor koʻnglini toʻlqinlantirishini aytib oʻtdi.

Bugun oʻzbek sheʼriyatiga xalq ohanglarini, mumtoz adabiyotimizning goʻzal anʼanalarini olib kirgan shoirni sheʼriyat muxlislari juda yaxshi bilishadi. Oʻzbek xalqining buyuk qalbini, kechmishini, betakror tabiatiyu unga hayratla boqayotgan begʻubor nigohlarini, erki va ozodligini, Vatan sogʻinchini tarannum qilayotgan shoirning har misrasi bizga tanish va qadrdon boʻlib ketgan.

— Mahmud Toir sheʼrlari xalqqa juda yaqin boʻlib, oddiy, ammo goʻzal ifodalar, tashbehlar bor, — deydi Angren shahar Davlat xizmatlari markazi boʻlim boshligʻi Zuhriddin Malikov. — Vatan, ota-ona sogʻinchlariga toʻla bu otashin misralar har bir oʻquvchi qalbini sehrlaydi. Shu yurtga sadoqat bilan xizmat qilishga, ota-ona, aka-uka, yaqinlar qadrini baland tutishga undaydi. Bugungi uchrashuvdan bir olam taassurot oldik. Inson har doim ezgu niyat qilib, yaxshilikni diliga tugib yashaydi. Shoir bilan uchrashuvda ana shunday tuygʻularni his qildim. Haqiqatan ham, biz Davlat xizmatlari markazi xodimlari xalq eʼtiboridagi, nazaridagi insonlarmiz. Shunday ekan, nafaqat muomalamiz, odobimiz, balki yurish-turishimiz, xulqimiz bilan ham boshqalarga namuna boʻlishimiz lozim.

Samimiy ruhda kechgan sheʼriyat oqshomida sheʼrlar oʻqildi. Uchrashuvda Mahmud Toir Nurafshon shahar Davlat xizmatlari markazi kutubxonasi uchun kitoblar sovgʻa qildi. Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan xalq shoiriga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Erkin DORIPOV,

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati rahbari