Vatanning suratini qalbda chizish, uni yurakka joylash uchun ham erk kerak. Qo‘rqmasdan bayrog‘ingni ko‘tarish, madhiyangni eng baland ovozda kuylash, boshingni tik tutish, qaddingni rostlash, bobong izidan yurish, onang allasini tinglash, bolang uchun o‘z tilingda ertak aytish, baxtdan kuylash, hatto g‘amdan yig‘lash uchun ham sen aynan o‘zing bo‘lishing kerak. Bu oddiy, lekin ulkan baxtlarga chinakam erksiz erishib bo‘lmaydi. Shu bois, mustaqillik haqida balandparvoz gapirishdan ko‘ra, uni qalbdan his qilishning o‘zi ba’zan yetarli bo‘ladi.
Mustaqillik, avvalo, o‘z yo‘lingni o‘zing tanlashing, ona tilingda so‘zlashing, qalban erkni his qilib, adolatni ko‘rishing va qadringni sezishing, ya’ni inson bo‘lib yashash deganidir. Nima uchun Vatan deganda bir siqim tuproq qo‘llarimizda oltindan-da qimmatroq ahamiyat kasb etadi? Chunki insonda tug‘ilgan zamini va uni ulg‘aytirgan havosi mujassam, ajdodlari qoni shu tuproqqa to‘kilib, u bilan qorishgan. Shu bois, Vatan ba’zan xaritalarga sig‘masa-da, bir hovuch tuproqda yastanib yota oladi, ko‘zimizga yosh keltirishga qodir bo‘ladi. Bu tuproqda bobolar ruhi, avlodlarning orzulari ham yashaydi. Mustaqillik mana shu bir siqim tuproqni kaftimizda mahkam ushlab turishimizdir.
Buyuk maqsad
Tarix kurashlarga boy, ziddiyatlarga to‘la. Lekin erk uchun jon berilgan jang maydoni, to‘kilgan qon va yozilgan har bir jasoratli so‘z buyuk kurash hamda avlodlar yodida saqlanishi lozim bo‘lgan tarixdir. Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan katta bayram tantanasida aynan shu kurashlar yodga olindi, tarix sahna orqali xotiralarga, yuraklarga kirib bordi. Yoshlar buyuk tariximiz va dovyurak ajdodlarimiz borligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, buni bilganlarning esa ko‘zlari namlandi. Sahnada Qadimgi Xorazm, Baqtriya, Turk xoqonligi, Somoniylardan tortib, to buyuk Amir Temur, shayboniylar, xonliklar va Turkiston muxtoriyatining bayroqlari ham tik ¬ko‘tarildi. Jadidlarimiz yod etildi, “qarg‘alar uchgan osmonlar” ostidagi qatag‘onliklar ko‘rsatildi, zaminimizni oh-faryodga to‘ldirgan mudhish davrlar ko‘z o‘ngimizda gavdalandi. Tarixiy tug‘lar maydonda qoldi, bayrog‘imiz esa go‘yo ulardan kuch olgandek, yuksaklarga qadalib, ko‘kka qarab bo‘y cho‘zdi.
Davlatimiz rahbarining Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan maqsadni xalqimiz bilan, albatta, amalga oshiramiz, biz bunga qodirmiz degan so‘zlaridagi ishonch zamirida mana shu buyuk kuch mujassam ekani yana bir bor eslandi. Mustaqillik bir kunda qo‘lga kiritiladi, ammo u har kuni himoya qilinib, saqlab qolinadi. Har bir avlod uni qayta kashf etadi hamda jasorat, yangi yo‘l va buyuk maqsadlar bilan to‘ldirib boradi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bunday dedi: “Biz 1991-yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida, buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini beqiyos darajada boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda”.
Xalqimiz bilan birgalikda bunyod etilishi bosh maqsad qilib olingan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi ham aslida yoshlarni ilm-ma’rifat muhiti va ma’naviyat havosidan bahramand etgan holda tarbiyalashga qaratilgandir. Chunki aynan ular ushbu ulkan maqsadni amalga oshiruvchi asosiy kuch. Bu shunchaki puch orzu emasligi aniq. Sababi, biz tarixan renessanslar yaratgan buyuk xalqmiz va bu qudrat har birimizning qonimizda oqib turibdi. Bugungi kunda yoshlarimizga mana shu katta maqsadning muhim bir qismi ekanini tez-tez eslatib turishimiz lozim. Bu tushuncha oilalardan mahallalarga, ta’lim maskanlaridan to ish joylarigacha singib borishi kerak.
Bugun yoshlar o‘zini ulkan maqsadning bir bo‘lagi sifatida his qilib, hayotiy rejalarini ilm-fan, kashfiyotlar, Vatan taraqqiyoti va jamiyatga xizmat qilish kabi yuksak vazifalar bilan uzviy bog‘lamoqda. Bayram tantanalarida qatnashgan olim, ixtirochi, ijodkor va sportchi yoshlarimiz ajdodlar izidan borib, shu buyuk tarixning yangi yo‘llarini ochib berayotganini yana bir bor namoyish etdi.
O‘tgan o‘n yil ichida aholimiz 8 millionga ko‘paygan bir sharoitda maktabgacha ta’lim qamrovining 78 foizga yetkazilgani shunchaki quruq raqamlar emas, aniq haqiqatdir. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilishi esa farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan aslo qolishmaydigan darajada chuqur bilim egallashi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ustoz yozuvchilarimizdan Shukur Xolmirzayev mustaqillikdan keyin yozgan maqolasida qiziq savolni o‘rtaga tashlagan edi: “Mana, yurt mustaqil bo‘ldi. Bir asr qon to‘kib, ne-ne ulug‘larimizni qurbon berib orzu qilganimiz — mustaqillikka erishdik. Xo‘sh, endi nimani yozamiz? Yurakdagi armonimiz ushaldi! Endi qanday ijod qilamiz?”. Adibimiz bu savolga o‘zi juda o‘rinli javob ham bergandi: “Endi yuraklarni chinakam mustaqillikka olib chiqishimiz kerak! Bu juda og‘ir vazifa. Buning uchun, eng avvalo, milliy g‘ururimiz yuksalishi kerak!”.
Yozuvchimizning gapi — ayni haqiqat! G‘urur chindan ham yuksalishi kerak! Bugun mana shu g‘ururimiz yuksalmoqda. Bunga asosiy sabab esa ertangi kunimizga ishonch tobora ortib borayotganidir.
Quvonchimizni sonlarda hisoblab bo‘lmaydi
Mustaqillikka kurash orqali yetib boriladi, qat’iy ishonch bilan esa unga to‘laqonli erishiladi. Chunki kimdir “Sen endi erkinsan!” degani bilan ichingda bunga ishonch bo‘lmasa, mustaqillik faqatgina qog‘ozda qolib ketadi va real hayotga kirib bormaydi.
Bundan yetti asr muqaddam Samarqand zaminida buyuk Amir Temur “Kuch — adolatda” degan hikmatni hayot shioriga aylantirdi va aynan shu tamoyil kuchli davlatchilik asosi bo‘lib xizmat qildi. Demak, agar ortida chinakam haqiqat va ishonch tursa, hatto birgina jumla ham buyuk davlat qura oladi.
Biz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoasi sifatida mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yurtimizning turli hududlarida bo‘lib, “Mustaqillik to‘yi” tadbirlarini o‘tkazdik. Poytaxtimizda esa yoshlar uchun “Vatan qolsin” she’riy-teatrlashtirilgan sahna asarlarini namoyish etdik. Ushbu jarayonlarda xalqimiz bilan ko‘p bor yuzma-yuz suhbatlashib, dildan gaplashish imkoniga ega bo‘ldik. Qaysidir manzillarda yillar davomida o‘z vatanida begonadek yashab kelib, aynan yangi davr tufayli yurtning chinakam bir bo‘lagiga, to‘laqonli fuqarosiga aylangan insonlarning quvonch ko‘z yoshlariga guvoh bo‘ldik. Yana qay bir hududda yaxshi qo‘shnichilik siyosati sababli yon-atrofdagi mamlakatlarda yashaydigan jigarlari bilan qayta diydor ko‘rishayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos xursandligini ko‘rdik.
Bu uchrashuvlarda eng ko‘p eshitganimiz ota-onalarning samimiy so‘zlari bo‘ldi va ularning barchasi bevosita farzandlar taqdiri bilan bog‘liq edi. Kimdir bog‘cha qamrovi oshganini mamnuniyat bilan e’tirof etsa, yana kimdir farzandining talaba bo‘lish imkoniyati kengayganidan quvonchini yashirmadi.
“O‘zbek” desa paxta, “paxta” desa o‘zbek tushuniladigan mashaqqatli qora kunlarni ham boshdan kechirdik. Afsuski, bu asoratdan tezda xalos bo‘la olganimiz yo‘q. Eng yomoni shunda ediki, milliy ta’limimiz paxta dalalarida qurbon qilindi.
Ziyolilarimizning o‘tmish xatolarini to‘g‘rilashdek dilida armoni, tilida afsus-nadomatlari ko‘p edi. Prezidentimizning qat’iy jasorati bilan tarixiy adolat qayta tiklandi va juda ko‘plab qatag‘on qurbonlarining nomlari bugungi kunda oqlanmoqda.
“O‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “o‘zbeklar” degan sharafli nom butun dunyo bo‘ylab baland ovozda va katta hayrat bilan yangray boshladi. Go‘yoki tarix qa’ridan yana o‘sha buyuk jasorat, mardlik va milliy g‘urur qaytgandek bo‘ldi!
Xalqimizning ertaga emas, aynan bugun farovon yashashiga zamin yaratayotgan bu kabi o‘zgarishlar juda ko‘p. Eng muhimi shuki, xalqimizda bu o‘zgarishlar aslo to‘xtamasligiga va ortga qaytmasligiga ishonch baland, ko‘ngillar esa to‘q.
Bayram tantanasida Prezidentimiz nutqida yangragan ko‘rsatkichlar aslida shunchaki quruq raqamlar emas, insonlar taqdiri, inson qadri va millatning ertasi deganidir. Jumladan, “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimiz 80 pog‘onaga yaxshilanib, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy olganimiz alohida ta’kidlandi. Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga atigi 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar jalb qilinmoqda. To‘g‘ri, biz sonlardagi juda yirik farqlarni ko‘rayotgandirmiz, lekin bu raqamlar ortida turgan insonlar ko‘zidagi quvonchni sonlarda hisoblab bo‘lmaydi.
Yana bir dadil qadam tashlandi, biz ulkan marraga juda yaqin turibmiz. Bundan 3 yil avval mamlakatimizda 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkichlar, dunyodagi murakkab va notinch vaziyatga qaramasdan, shu yilning o‘zidayoq hatto ortig‘i bilan amalga oshishi kutilmoqda. Shu tariqa biz daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga to‘laqonli kirib boramiz.
650 mingdan ziyod oilaning yangi makoniga, o‘z kichik vataniga aylangan uy-joylar haqida eshitib dildan quvonasan. O‘zingning shu kabi tashvishlar ichida o‘tib ketgan kunlaringni eslaysan-u, bugungi yaxshilangan hayot zavqidan beixtiyor entikasan.
Ortga nazar solish barobarida “yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan”, lekin buni hech kim ochiq tan olmay o‘tib ketadigan zamonlarni eslaysan. Go‘yoki hamma to‘kin-sochin yashayotgandek, jamiyat o‘zining kam-ko‘sti borligini yoki bag‘ridagi noto‘kis holatlarni ko‘rishni istamayotgandek tuyulgan yolg‘onchi davrlar yodingga tushadi. Emishki, kambag‘al yo‘q, hamma to‘q, hammasi yaxshi! Bu gaplarga ishonging keladi-yu, yon-atrofingga qarab mum tishlashga majbur bo‘lasan. Bu muammolarni baralla aytish va ochiq tan olish qachonlardir mumkin bo‘lishiga hatto ishonmasding ham. Lekin shunday bo‘ldi! Kambag‘allik masalasi ochiq tan olinib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha o‘ziga xos “Yangi O‘zbekiston tajribasi” yaratildi. Ehtiyojmand oilalar daromadini oshirish, kasbga yo‘naltirish, salomatligini tiklash, farzandlari ta’lim olishi va yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha mutlaqo yangi — mahallabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan bugungi kunga kelib 4 foizgacha tushdi. Bu raqamlar zamirida ham 10 millionga yaqin insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Yaqindagina jahon bo‘ylab katta sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Yangi O‘zbekiston jamoasi ilk bor mundialda ishtirok etdi. Ushbu jarayonda Prezidentimizdan tortib, to uyimizdagi endigina atak-chechak qilayotgan jajji farzandimizgacha barchaning nigohi ekranlarga qadaldi. Qanchadan qancha yurtdoshlarimiz futbolni bevosita o‘sha stadionlarning o‘zidan turib kuzatib bordi. To‘g‘ri, o‘yin natijasi bizni u qadar qoniqtirmagan bo‘lishi mumkin, lekin butun elning qanday jipslashganini, bir mushtga aylanib ketganini ko‘rdik va bundan benihoya faxrlandik.
Bir zamonlar bosqinchilar tomonidan qonga botirilgan Farg‘onaning dashtu dalalarida bugun mustaqil hayotga kirib kelayotgan oddiy 11-sinf o‘quvchisi dunyoning eng nufuzli universiteti grantini yutib olib, barcha tengqurlari havasini keltirmoqda. O‘zbek o‘quvchisi yoki talabasi shu kabi ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan bir pallada dunyoning qaysidir bir burchagida uning tengdoshi bo‘lgan o‘spirin och qolmaslik va dron yoki bomba hujumlaridan omon qolish haqidagina o‘ylayotgani ham ayni haqiqat. Yurtimizdagi bu kabi yutuqlarni bizga qadr-qimmatini kundan kunga teranroq anglab borayotganimiz — Vatan mustaqilligi va ozod diyorimizda hukm surayotgan tinchlik taqdim etmoqda!
Ishonch hayotiy haqiqatlardan kuch oladi, adolat orqali esa bardavomlik kasb etadi. Bugun mustaqilligimiz tom ma’noda mana shunday mustahkam ishonch bilan sug‘orilmoqda. Yurtning buguniga va yorug‘ kelajagiga ishonchdan ortiq mustaqillikni mustahkamlovchi kuch bo‘lmasa kerak, aslida.
Mustahkam asos
Bugun biz sershovqin, shiddat bilan globallashib borayotgan dunyoda, urbanizatsiya to‘lqinlari ichida chirpirak bo‘layotgan shaharlar va el-elatlar bilan yonma-yon yashamoqdamiz. Yangi O‘zbekiston butun dunyoga chin ma’noda yuz burdi. Qariyb har bir mamlakatda mas’ul idoralarimiz va vakolatxonalarimiz faoliyat yuritmoqda. Hamma yerda o‘zbek xalqini, O‘zbekistonni yaxshi tanishadi. Shu bilan birga, dunyoning katta madaniy, ijtimoiy va siyosiy voqeliklari bizning kundalik hayotimizga ham shiddat bilan kirib kelmoqda. Mana shunday murakkab sharoitda o‘zimizga suyanib topgan milliy yo‘limizning qadri benihoya balanddir. Davlatimiz rahbari bayram nutqida “Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi”, deb ta’kidladi va shu maqsad yo‘lidagi 7 ta muhim milliy dastur haqida to‘xtalib o‘tdi.
Har qanday ishni bajarishdan avval, albatta, u yaxshilab hisob-kitob qilinadi. Jumladan, millat o‘zidan faxrlanishi uchun, o‘zini boshqalardan kam ko‘rmay, aksincha, milliy g‘urur bilan ko‘krak kerib yurishi uchun nafaqat ichki ahvolidan, balki keng dunyodagi global vaziyatdan ham yaxshi boxabar bo‘lishi lozim.
Bejiz davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi “Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas”, degan jumlalar bilan boshlanmaydi.
Bu so‘zlarda juda teran hikmat va ma’no mujassam. Qaysidir yurtlarda ota-onalar farzandlarini tong otib omon-eson ko‘rishni orzu qilib uyg‘onayotgan bir paytda bizning farzandlarimiz yozgi oromgohlarga dam olish uchun kuzatilmoqda. Surxondaryo yoki Farg‘ona dalalarida bobodehqon shonalayotgan g‘o‘zasi bo‘y-bastiga qarab, mamnuniyat bilan peshona terini artayotgan sokin shom pallasida Yer sharining boshqa bir burchagida qandaydir keksa odam non izlab chiqib ketgan bolasining uyga sog‘-omon qaytishiga ishonolmay, og‘ir iztirob chekmoqda.
Bugungi kunda odamzodning tiyiqsiz xohish-istaklari har qachongidan kattalashib ketdi. O‘z armiyasini, qurol-yarog‘ini, hatto madaniyatini boshqa xalqlar hayotiga kuch ishlatish yo‘li bilan olib kirish holatlari keskin kuchaydi. Bunday qaltis vaziyatda nihoyatda hushyor turib, yon-atrofdagi voqealardan doimo ogoh bo‘lish, xalqning xavfsizligini kafolatlab, shunchaki tinch-totuv yashashning o‘zi ham beqiyos katta yutuqqa aylanib qoldi. Quyidagi dahshatli raqamlarga e’tibor qiling.
BMT havola etgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda butun dunyo bo‘ylab armiya xarajatlari uchun 2,4 trillion dollar ajratilgan bo‘lsa, global rivojlanish uchun 224 milliard dollar, tinchlikni saqlash uchun esa eng kam mablag‘ — bor-yo‘g‘i 669 million dollar sarflangan.
Shvetsiyaning Uppsala universiteti huzuridagi Tinchlik tadqiqotlari dasturi ekspertlari tahlillariga ko‘ra, 2024-yilning o‘zida 61 ta davlatlararo nizo qayd etilgan. Bu 1946 yildan, ya’ni statistika yuritila boshlangan vaqtdan buyon eng yuqori va xavotirli ko‘rsatkichdir.
Ushbu nizolarning 11 tasi to‘laqonli urush darajasigacha yetib borgan. Holbuki, 2016-yildan buyon bunday yuqori va xavfli ko‘rsatkich qayd etilmagan edi.
Shu o‘rinda yana bir qiziq paradoksni aytib o‘tish lozim: dunyo keyingi 30-35 yil ichida juda katta texnologik taraqqiyotni boshdan kechirdi. Internet tarmog‘i butun kurrai zaminni qamrab oldi. Simsiz aloqa tarmoqlari turli qit’alarni bir-biriga chambarchas bog‘ladi. Sun’iy intellekt mo‘jizasi barcha xalqlarning maishiy hayotigacha kirib bordi. Natijada odamlarning og‘iri ancha yengillashdi. Ammo aholining demografik o‘sishi sezilarli darajada pasayib ketdi. Ko‘plab rivojlangan davlatlarda tug‘ilish ko‘rsatkichlari keskin tushmoqda. Oilaning muqaddas asosi bo‘lgan nikoh masalasiga panja orasidan, go‘yoki eskilik sarqitidek qarash oddiy holga aylanib qolmoqda. Millatlar shiddat bilan qarib bormoqda. Butun-butun shaharlar huvillab, bo‘shab qolmoqda.
Ulug‘ jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu kurashning asosiy quroli esa sog‘lom jismu tan, o‘tkir aql va yaxshi axloqdir” degan hikmatli so‘zlari bugungi kunda har qachongidan dolzarb bo‘lib bormoqda.
Zero, chinakam vatanparvarlik faqat so‘zda emas, balki amaliy harakatlarda, tinmay izlanishda, doimo yangiliklarga intilishda, o‘z ilmu amali bilan el-yurtga naf yetkazish va fidoyilik ko‘rsatishda namoyon bo‘ladi.
Hazrat Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida bunday go‘zal bayt bor:
Iyolu Vatan uzra to joni bor,
Kishi harb etar toki imkoni bor.
Buning ma’nosi shuki, haqiqiy inson to tirik ekan, butun imkoniyatini ishga solib, o‘z Vatani va oilasini (iyolini) himoya qilish uchun oxirigacha kurashadi.
Ma’naviyat mustaqillikning eng ulug‘ va mustahkam asosidir! Qachonki, biz to‘laqonli ma’naviy mustaqillikka erisha olsakkina, oliy maqsadimizga yetgan bo‘lamiz.
Biz mustaqillikning ilk yillarida “g‘alla mustaqilligi”, “paxta mustaqilligi” degan iboralarni juda ko‘p bor ishlatdik. Biroq aslida mustaqillikning eng muhim va asl asoslaridan biri ma’naviy mustaqillik ekanini so‘nggi 10 yil ichidagina teran tushunib yetmoqdamiz. Bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘limizdan chiqargan to‘g‘ri xulosalarimiz, erishgan yutuqlarimiz va yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimiz aynan shu haqiqatni isbotlab turibdi.
Demak, ortimizda qolayotgan 35 yillik shonli yo‘l bizga asrlar davomida o‘git bo‘lgulik buyuk saboqni berib bo‘ldi. Endigi vazifamiz faqatgina bu saboqni to‘g‘ri anglay olish va uni real hayotimizga olib kirishdan iborat, xolos!
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan-da kuchli bo‘lamiz. O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q. Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!”.
Otabek HASANOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari