Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Muhabbat Ibragimova antibakterial  preparatlarni qoʻllash mumkin boʻlmagan holatlar haqida ham oʻz tavsiyalarini maʼlum qildi.

— Antibiotiklardan  oʻzboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa aʼzolari faoliyatini ham izdan chiqaradi, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, jigar va buyrak yetishmovchiligi holatlarida juda ogʻir asoratlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Bundan tashqari, ushbu vositalarni nooʻrin qoʻllash oqibatida  anafilaktik shok, yaʼni inson hayotiga xavf soluvchi allergik reaksiya yuzaga kelishi xavfi bor.

Gripp, OʻRVI, koronavirus kabi virusli xastaliklarda esa antibiotiklar nafaqat foyda bermaydi, balki aks taʼsir koʻrsatishi mumkin. Chunki bu infeksiyalarning sababchisi bakteriya emas, balki virusdir. Shu tufayli antibakterial preparatlar qabul qilgan bemorning ahvoli ogʻirlashib, immuniteti kuchsizlanadi. 

Shvetsiyalik tadqiqotchilar yaqinda antibiotiklarning yana bir xatarli asoratini maʼlum qildi. Unda keltirilishicha, bunday preparatlarni qabul qilgan insonlarda 5-10 yil ichida kolorektal saratonning rivojlanish xavfi oshadi.

Olimlar olti yil davomida yoʻgʻon va toʻgʻri ichak saratoni bilan kasallangan 40 ming nafar bemorni alohida kuzatuv ostiga oldi. Tadqiqot davomida ularning oʻtgan 10 yil davomida qancha miqdorda va qaysi antibiotiklardan foydalangani oʻrganildi.

Maʼlum boʻlishicha, antibiotik qabul qilgan bemorlarda yoʻgʻon ichakda saraton rivojlanish xavfi yuqori.

Aslida belgilangan tegishli koʻrsatmalarsiz bemorlarga antibiotiklar tavsiya qilinmasligi zarur. Yiringli balgʻam paydo boʻlishi, qon tahlilidagi oʻzgarishlar, yaʼni leykotsitlar va neytrofillar miqdorining oshishi, yalligʻlanish koʻrsatkichlarida S-reaktiv oqsilining koʻpayishi shular jumlasidandir.

Soʻzimiz yakunida fuqarolarimizdan antibiotiklarni oʻzboshimchalik bilan qoʻllab, hayotini xavf ostida qoldirmasliklarini soʻraymiz!