Mutaxassislar Tyumen shahrida boʻlib oʻtgan biznes missiyada ishtirok etdi

    Energetika 11 Iyul 2023 1293

    “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislaridan iborat delegatsiya Tyumen oblasti gubernatorining taklifiga binoan ushbu oʻlkada boʻlib oʻtgan biznes missiyada ishtirok etdi.

    Ishbilarmonlik missiyasining asosiy maqsadi oʻzaro tajriba almashish, istiqbolli loyihalarni oʻrganish hamda burgʻilash va quduqlarda kapital taʼmirni amalga oshirish boʻyicha kooperativ aloqalarni oʻrnatish, soha xodimlarining malaka va bilimlarini oshirish borasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat.

    Tashrif dasturi doirasida Tyumen oblasti Savdo-sanoat palatasi, Neft va gaz klasteri uyushmasi, Eksportni qoʻllab-quvvatlash markazi vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar oʻtkazildi.

    Uchrashuvlarda 20 ga yaqin kompaniya va muassasalar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari hamda neft-gaz sanoatida import oʻrnini bosish tajribasi muhokama etildi. Kompaniyalarning ishlab chiqarish korxonalari va taʼlim muassasalariga tashriflar uyushtirildi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda Tyumen oblasti hukumati va tadbirkorlari oʻrtasida tajriba almashish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

    Missiya yakunida innovatsion loyihalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, kadrlarni qayta tayyorlash, import qilinadigan mahsulot va xizmatlarni mahalliylashtirish kabi yoʻnalishlarda dastlabki kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.