Poytaxtimizdagi Hyatt Regency” mehmonxonasida “O'zbekiston Respublikasida eksportni yanada rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash: mavjud muammolar va ularni hal qilishda qonunchilikni takomillashtirish” mavzusida xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi.

Xalqaro tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati hamda Konrad Adenauer jamg'armasi tashabbusi bilan birgalikda qonunchilikni takomillashtirish va eksportni cheklovchi salbiy omillarni bartaraf etish orqali O'zbekiston eksport salohiyatini oshirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Senati a'zolari, tegishli vazirlik-tashkilot vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, O'zbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini kengaytirish uchun qulay sharoit yaratishdir. Buning uchun so'nggi yillarda davlat va hukumat rahbari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo'llab-quvvatlovchi milliy institutlar tashkil etish to'g'risida qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Bundan tashqari, investitsiya faoliyati va eksport subyektlarini qo'llab-quvvatlash sohasida tadbirkorlar biznes rejalari va rivojlanish strategiyasini amalga oshirishi uchun ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida investitsiya faoliyati va eksport subyektlarini qo'llab-quvvatlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilmoqda. Eksport nazoratini o'tkazishda, ya'ni zarur eksport sertifikatlarini olish va eksport bojxona rasmiylashtiruvi uchun ham muhim o'zgarishlar yuz beryapti.

Tadbirda so'z olganlar bu boradagi muammolarga ham to'xtaldi. Xususan, O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi raisi Muxtor Umarov o'z nutqida eksport muammolariga tahliliy-tanqidiy yondoshib, moliyaviy qo'llab- quvvatlash (fintex, faktoring, diskaunting), targ'ibot-tashviqotni kuchaytirish, debitor qarzdorlik sababli tadbirkorlarga jarima qo'llanilishi, eksport rejasi kabi dolzarb masalalar bilan birga, muammoga yechim bo'luvchi bir nechta takliflarni ilgari surdi. “Agar biz professional tadbirkorlar sinfini shakllantirmas ekanmiz, nafaqat chet el bozorlarini, balki ichki bozorimizni ham raqiblarimizga berib qo'yishimiz mumkin”,  — dedi u ma'ruzasida.

Tadbir davomida davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo'nalishlarni hisobga olgan holda eksport bo'yicha qonunchilik islohotlarining asosiy yo'nalishlari belgilab olindi, O'zbekistonda eksportni qo'llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish bo'yicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.