Haykaltaroshlikka yurtimiz hududida qadimiy san'at turlaridan biri sifatida qaraladi. Haykaltaroshlik yuksalish pallasini boshdan kechirdi, rivojlanishning bir necha bosqichini bosib o'tgan milliy maktab shakllandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ijodiy tafakkur hurligi yuzaga keldi, madaniyat va san'at sohasida yangi va yorqin nomlar, yutuqlar paydo bo'ldi.
Kuni kecha o'zbek tasviriy san'atida quvonchli voqea yuz berdi. Ko'hna va navqiron Samarqandda tavallud topgan, bugungi kunda Buyuk Britaniyada yashab, qizg'in ijod qilayotgan hamyurtimiz YUnus Safardiyor poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga qimmatbaho tuhfa — Zahiriddin Muhammad Boburning kichik hajmli bronza haykalini sovg'a qildi.
SHu munosabat bilan O'zbekiston Badiiy akademiyasining anjumanlar zalida Zahiriddin Muhammad Boburning bronzadan ishlangan haykali taqdimoti bo'lib o'tdi.
Iste'dodli o'zbek haykaltaroshi YUnus Safardiyor 1986 yildan beri xalqaro ko'rgazmalarning faol ishtirokchisi, Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSHda ko'plab shaxsiy ko'rgazmalar o'tkazib keladi. Muvaffaqiyatlariga avangard emas, balki akademik ishlari sabab bo'ldi. Uning san'atida vaqt va makon qamrovi juda keng, chegara bilmaydi.
Ijodkor mis, tosh, yoqut, bronza, kumush, yog'och kabi materiallar bilan ishlaydi. U ish uchun etnik va mifologik, tarixiy, lekin asosan portretlar va kompozitsiyalar, klassik an'analarda va yangi texnologiyalar yordamida turli mavzularni tanlaydi. YUnus Safardiyor haykaltaroshlikda yangi xomashyolar bilan tajriba o'tkazishni yaxshi ko'radi.
— Texnologiya muntazam rivojlanishda, o'zgarish tezligi ham doimiy ravishda oshib bormoqda. Ushbu haykal ulug' sarkarda, davlat arbobi, shoir Zahiriddin Boburning yurti, mening ham yurtim bo'lgan O'zbekistonga chin qalbimdan qilgan tuhfamdir, — deydi YUnus Safardiyor. — Bu haykalda ot ustida o'tirgan Boburning o'ng tomonida shoh va sarkarda jasoratini anglatuvchi qilich bor. Obrazning umumiy shakli talqinida Boburning aniq ko'rinib turgan xatti-harakati, o'ziga bo'lgan ishonchi yaqqol ko'zga tashlanadi.
Darhaqiqat, haykaltarosh, bir tomondan, dastgoh haykaltaroshligining zamonaviy tendentsiyalariga sodiqligini, ikkinchi tomondan, plastika vositasida sarkarda obrazini shoirona tasvirlash istagini namoyish etadi.
YUnus Safardiyorning barcha asarlari ijro mahorati, kuchli fantaziyasi bilan ajralib turadi. Plastik san'atdagi mahorati tufayli u jahon zamonaviy san'atida munosib o'rin egallashga muvaffaq bo'ldi. Bugungi kunda uning asarlari Rossiya Badiiy akademiyasi, Buyuk Britaniya, AQSHdagi kollektsiyalarda saqlanadi.
Gulichehra DURDIEVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri