My.gov.uz orqali subsidiyaga ariza topshiruvchilar roʻyxati kengaydi

    Raqamlashtirish 1 Dekabr 2022 5769

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi xizmat ishga tushirildi.

    Endi qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlari ham bir martalik subsidiya olish uchun onlayn ariza topshirishlari mumkin.

    Buning uchun talabgorlar kalendar yilning har choragi birinchi oyining 10-sanasiga qadar my.gov.uz dagi «Qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga subsidiya ajratish» xizmatini tanlab, ariza yuborishlari lozim.

    Bu turdagi subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

    bino va oʻquv xonalarini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, oʻqitishning texnik vositalari va boshqa anjomlar bilan jixozlashga;

    zarur darsliklar, oʻquv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan taʼminlash, taʼlim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq toʻlashga.

    Xizmatdan foydalanishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

        • 2 yilga moʻljallangan biznes reja;
        • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish toʻgʻrisida tuzilgan xoʻjalik shartnomalari;
        • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
        • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
        • taʼlim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki oʻquv xonalarining ijara shartnomasi (koʻchmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun).

    Xizmatdan foydalanish mutlaqo bepuldir.