“Mahalla yettiligi”ning hamjihatlikda har bir xonadon imkoniyati va muammosini o‘rganishi yutuqlarga zamin hozirlamoqda. Xususan, aholiga kredit olish, biznes boshlash, issiqxona qurish, tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha har tomonlama ko‘mak berilyapti. Natijada odamlar barqaror daromadga ega bo‘lib, mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylandi.

Hozir mahallada 300 dan ziyod issiq­xona bor. Ulardan 170 tasi shu yilda qurildi. Shuning o‘ziyoq yil sayin aholi­ning ishbilarmonlik ruhi kuchayib borayotganidan dalolat. Mahallada “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilyapti.

Jumladan, Shuhrat Karimov 10 sotixli issiqxonasidan bir yilda to‘rt martagacha hosil olmoqda. E’tiborlisi, u va ayoli davlat tashkilotlarida ishlaydi. Shunga qaramay, oila bo‘sh vaqtda tomorqadan unumli foydalanib, mo‘may daromad topmoqda.

— 2024 yilda issiqxonamiz yo‘q edi. O‘shanda ro‘zg‘or uchun oz-ozdan turli qishloq xo‘jaligi ekinlari ekardik, — deydi Shuhrat Karimov. — O‘tgan yili mahalla mas’ul­lari issiqxona qurishni taklif qildi. Buning uchun 33 million so‘m kredit olib ish boshladik. Issiqxona o‘tgan yilning o‘zidayoq daromad keltirishni boshladi. Mutaxassislar tavsiyasi bilan 4 martagacha hosil oldik. Bu yil pomidor ekdik va tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ydik. Turmush o‘rtog‘im bilan ikkimiz davlat tashkilotida ishlaganimiz bois, issiqxonaning kundalik yumushini tongda va tushdan keyin bir soatdan vaqt ajratib bajaramiz. O‘tgan yili 150 million so‘m daromad oldik. Joriy yil yanada ko‘proq foyda topishni niyat qilib, ishlayapmiz.

Oilaning tomorqadan yuqori hosil olishi­da yer bilan tillashgan mirishkorlarning tajribasi va maslahati muhim o‘rin tutmoqda. Bu mahallada tomorqachilik madaniyatini ­ommalashtirishga xizmat qilyapti. Ushbu jarayonda mahalla raisi boshchiligidagi faollar tashabbuskorlik ko‘rsatmoqda.

— Mahallamizda 1300 ta xonadon bor. Ularda 6000 dan ziyod odam yashaydi, — deydi Shibzon mahallasi raisi Abdulla Ergashev. — Faollarimiz tashabbusi bilan har bir xonadonda issiqxona tashkil etish bo‘yicha targ‘ibot o‘tkazdik. Aholiga bu borada har tomonlama ko‘mak berildi, kredit ajratildi. Natijada mahalladoshlarimiz tomorqadan samarali foydalanib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lyapti. Hozir mahallamizda ishsiz odam yo‘q. Bu yaratilgan imkoniyatlar va islohotlarning amaliy natijasidir. Shu bilan birga, mahallamizdagi 40 ga yaqin xonadonda quvvati 50 kilovattdan ziyod quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu orqali elektr energiyasi tejalishi ­barobarida mahalladoshlarimiz qo‘shimcha daromad ham olayapti.

Ayni vaqtda Shibzonda tomorqachilikda faqat an’anaviy usullar emas, balki zamonaviy texnologiyalar ham qo‘llanmoqda. Jumladan, Avaz Ochilov yomg‘ir suvundan unumli foydalanib, tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Bu, o‘z navbatida, suvni tejash, xarajatni kamaytirish va hosildorlikni oshirishga xizmat qilyapti. Shuningdek, xonadonda biogumus tayyorlanib, ekinlar tabiiy oziqlantiriladi. Mehnatkash dehqon ushbu mehnati tufayli namunali tomorqachi deya e’tirof etilgan. Ayni vaqtda Avaz Ochilov yomg‘ir suvini to‘plab borishni yo‘lga qo‘ygan. Shu orqali kelgusida baliqchilik bilan ham shug‘ullanmoqchi.

Mahallada yangi soha va yo‘nalishlar ham rivojlan­yapti. Ayniqsa, baliqchilikni yo‘lga qo‘yishni istaydiganlar soni kundan kunga ko‘paymoqda.

— Daryo yaqinidagi bu yerlar avval qarovs­iz edi, — deydi tadbirkor Shavkat Sharipov.
— Undan unumli foydalanish choralarini izlab, bankdan kredit oldik. Buning evaziga
8 gektarda baliq uchun hovuzlar tashkil etdik. Ularga 600 mingdan ortiq chavak tashlangan edi. Olti oyda qariyb 100 tonnaga yaqin baliq yetishtirildi. Ushbu tashabbus ortidan o‘n kishi ish bilan ta’minlangan. Baliqlarimizni mahalliy bozorda sota boshladik. Kelgusida ushbu ko‘l atro­fini obodonlashtirib, aholi uchun baliq o‘vlaydigan sharoit qilib, zamonaviy dam olish joyiga aylantirmoqchimiz.

Mahalladagi qaysi xonadonga kirsangiz ham yerdan samarali foydalanishdagi o‘ziga xos tajribani ko‘rasiz. Mahalla mas’ullari va faollari aholiga bu borada yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda.

— Yutuqlarimiz siri oddiy. Yaxshi tashab­bus va loyihalarni odamlar ijobiy qabul qilib, o‘zaro maslahatlashib, hayotga tatbiq etyapti, — deydi Shibzon mahallasidagi hokim yordamchisi Jasur Shakarov. — 2025 yilda 1,5 milliard so‘mlik kredit evaziga aholi tomorqasiga issiqxona qurib berildi. Buning uchun avval tomorqasida ochiq maydonda ekin ekayotgan xonadonlar tanlab olindi. Jarayonda ko‘p yillik tajribaga ega dehqonlar va mutaxassislarning tavsiyasi ham qo‘l kelmoqda. Dastlab issiqxonalarda faqat pomidor va bodring ekilardi. Hozir mahalladoshlar qulupnaydan ham yaxshi hosil olayapti. Bundan tashqari, asalari­chilik ham rivojlanmoqda. Intensiv usulda Eron, Xitoy va Janubiy Koreya tajribasi asosida baliqchilik yo‘lga ­qo‘yilmoqda.

Bu borada davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, kredit va subsidiyalar, mahallabay ishlash tizimi katta ahamiyat kasb etayotir. Ushbu mahallaning tajribasi boshqa hududlar uchun ham namunaga aylanmoqda.

G‘olib ABDUSALOMOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri