Namangan davlat chet tillar institutida 400 oʻrinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi

    Bugun Samarqand davlat universitetida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ishtirokida talabalar turar joylarini topshirish boʻyicha umumrespublika marosimi boʻlib oʻtdi.

    Vazir ramziy qizil lentani kesib, respublika boʻylab qurib bitkazilgan yangi talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish jarayoniga start berdi.

    Tadbir onlayn tarzda hududiy oliy taʼlim muassasalari bilan ham bogʻlanib, bir vaqtning oʻzida ulardagi talabalar yangi turar joylari ham ochildi. Shu tariqa minglab talabalar qulay yashash va samarali taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Ana shunday ochilish marosimlaridan biri Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar institutida ham boʻlib oʻtdi. Davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan 400 oʻrinli zamonaviy talabalar turar joyi endi talabalarning haqiqiy ikkinchi uyiga aylandi. Ushbu maskan nafaqat qulay yashash sharoiti, balki taʼlim olish, madaniy va intellektual rivojlanish uchun ham keng imkoniyatlarni taqdim etadi.

    Institut rektori Rivojiddin Karimov marosimda soʻzga chiqib, yangi turar joy talabalarning samarali taʼlim olishi, intellektual va maʼnaviy jihatdan yetuk shaxs boʻlib kamol topishida muhim omil boʻlishini taʼkidladi.

    Yigʻilishda Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari O.Bozorov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari M.Appakov, institut rahbariyati va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Eʼtiborlisi, bu kabi bunyodkorlik ishlari “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida talabalarning turar joyga ehtiyojini toʻliq qoplash va yoshlarning bilim olishi uchun zamonaviy muhit yaratish yoʻlidagi izchil qadamdir, deyiladi institut axborot xizmati xabarida.