Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Namangan davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-23-son, 24.01.2025-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan toʻqimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universiteti tashkil etiladi.

Muhandislik, qurilish, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari va dasturlash, ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq oliy maʼlumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Universitetda yuridik shaxs maqomisiz Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.

2025/2026 oʻquv yilidan ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish va talabalarning bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiya himoyalarini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etish choralari koʻriladi.

2026/2027 oʻquv yiligacha Universitetning kamida ikkita bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va uchta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan oʻtkazilishi taʼminlanadi.

2025-yildan yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti hamda Namangan toʻqimachilik sanoati institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi va 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchilarga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.