Iqtidorli, isteʼdodli talabalarni ragʻbatlantirish, kam taʼminlangan oila farzandlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash Namangan davlat universiteti rahbariyatining eng ezgu anʼanasiga aylangan. Bugunga qadar 34 nafar talabalarning 111 million soʻm, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 7 nafar talaba farzandlarining 48 million soʻm miqdoridagi shartnoma pullari homiylar tomonidan toʻlab berilgani fikrimiz dalilidir.
Shuningdek, 13 nafar yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar uchun oʻquv, ilmiy va badiiy kitoblar xaridi uchun 17,5 million soʻm subsidiya ajratilgan boʻlsa, 101 nafar “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan va nogironligi boʻlgan talabalar bepul turar-joy bilan taʼminlandi.
Bu kabi ishlarning mantiqiy davomi sifatida shu yil 23-noyabrda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri tomonidan iqtidorli talabalarni universitet “Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi” hisobidan moddiy ragʻbatlantirish topshirigʻi berilgan edi. Uning ijrosi doirasida Namangan davlat universitetining 174 nafar iqtidorli va faol talabalari 517 ming soʻm miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Bu talabalarning ota-onalariga esa universitet rektorining “Tashakkurnoma”si topshirildi.
Sanjarbek HAMIDOV.