Namangan muhandislik-texnologiya institutida yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi

    Mamlakatimizda 19 Yanvar 2021 1669

    Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyat filiali tomonidan joylarda sohalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

    Shunday tadbirlardan biri Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Namangan muhandislik-texnologiya institutida viloyatdagi qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan boshqaruv organlarining rahbarlari, yirik klasterlar hamda sohaga taalluqli tadbirkorlar vakillari ishtirokida tashkil etildi.

    Tadbirda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali rahbari Shuhratjon Toʻxtaboyev soʻzga chiqib, nomzodlarni davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona va obyektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli shaxslarni tanlab olish hamda ularning xizmat pogʻonalari boʻyicha koʻtarilishini nazarda tutuvchi meritokratiya tamoyilini qoʻllanilayotganligi, xususan, viloyatda ham qishloq xoʻjaligi boshqarmasida mavjud vakant lavozimlariga tanlov eʼlon qilinganligi, tanlovning bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan mutaxassislargina lavozimlarda ishlash imkoniyatiga ega boʻlganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar berdi.

    Viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Anvarjon Hakimov soʻzga chiqib, qishloq xoʻjaligi sohasida bugungi kunda erishilayotgan yutuqlar va sohadagi mavjud muammolar, zamonaviy kadrlarga boʻlgan ehtiyoj, mahalliy xom ashyolarni qayta ishlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini amaliyot oʻtashlari uchun yaratilgan sharoitlar, kelgusida ularni ish bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida oʻz fikr va mulohazalarini bildirdi.

    Tadbir yoshlarni qiziqtirgan savol-javoblar bilan davom etdi.