Tasvirlarda tungi osmonda porlab uchgan nomaʼlum jism aks etgan boʻlib, bu holat koʻpchilikda qiziqish va turli taxminlarni uygʻotdi.
Mazkur hodisa yuzasidan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti tushuntirish berdi. Qayd etilishicha, mutaxassislar tomonidan zudlik bilan dastlabki oʻrganishlar boshlandi. Hozircha videodagi yorugʻlikning aynan meteorit tushishi yoki boshqa tabiiy yoxud texnogen manba bilan bogʻliq ekani rasman tasdiqlangani yoʻq.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, agar Yer yuzasiga yetib kelgan moddiy qoldiqlar topilmasa, hodisaning asl tabiati haqida yakuniy va aniq xulosa berish imkonsiz boʻlib qoladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, koinotdan keluvchi bunday “sovgʻalar” ilm-fanda turlicha nomlanadi. Quyosh tizimida harakatlanuvchi kichik qattiq jismlar Yer atmosferasiga kirganda ishqalanish va kuchli qizish natijasida yorugʻ iz qoldiradi — bu hodisa “meteor” deb ataladi. Agar oʻsha jism atmosferada toʻliq yonib ketmasdan, Yer yuzasiga qadar yetib kelsa, u “meteorit” nomini oladi.
Ilmiy hisob-kitoblarga koʻra, har kuni Yer atmosferasiga millionlab mayda kosmik zarralar kirib keladi, biroq ularning katta qismi yuqori qatlamlardayoq yonib bitadi. Har sutkada Yer yuzasiga jami bir necha oʻn tonna meteorit qoldiqlari tushishi mumkin boʻlsada, aholi yashash punktlariga yirik jismlarning kelib urilishi nihoyatda kam uchraydigan hodisadir.
Hozirda soha mutaxassislari vaziyatni kuzatishda davom etmoqdalar va qoʻshimcha maʼlumotlar aniqlanishi bilan jamoatchilikka rasmiy bayonot berilishi kutilmoqda.