Hukmda keltirilishicha, Saidahmad Sultonov tender savdolari oʻtkazilmagan va loyiha-smeta hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda viloyat hududidagi bir nechta ichki yoʻllarni qurish ishlarini ogʻzaki koʻrsatmalar bilan “Namangan qurilish dizayn savdo” MCHJga topshirgan. Bu orqali MCHJ rahbari va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilinishiga sababchi boʻlgan.

Jumladan, jinoiy sheriklar tomonidan 4 ta holatda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali qariyb 15,5 mlrd soʻm miqdordagi byudjet mablagʻlari oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilingan. Saidahmad Sultonov mazkur toʻrtta holatda yoʻl qurilish obyektlarini hech qanday tegishli hujjatlarsiz “Namangan qurilish dizayn savdo” MCHJga topshirib, oʻz vaqtida moliyalashtirilishiga yordam bergan. U ushbu “xizmati” uchun MCHJ rahbaridan 2021-yil dekabr oyida 10 ming dollar, 2022-yil noyabr oyida 20 ming dollar, 2023-yil mart oyida 20 ming dollar pulni ulush sifatida olgan.

Bundan tashqari, Saidahmad Sultonov oʻziga Namangan viloyati hokimligi balansidagi Captiva mashinasi biriktirilgan boʻlsa-da, 2020-yil iyul oyidan 2023-yil dekabr oyiga qadar Namangan viloyat qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi balansidagi Hyundai Tucson mashinasidan xizmat va shaxsiy maqsadlarda foydalanib kelgan. Bu davrda u 13 359 litr benzin sarflab, davlat va jamiyat manfaatlariga 128 mln soʻmdan ortiq zarar yetkazgan.

Saidahmad Sultonovning qilmishlari orasida tadbirkorlardan “Navbahor” futbol klubiga homiylik uchun pul olib, oʻz shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborish holatlari ham uchraydi. Jumladan, u 2023-yil avgust oyida goʻyoki “Navbahor” futbol klubiga xomiylik qilish maqsadida “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” UK Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻiga “Stroy melio montaj” va “Nasos taʼmir” MCHJ rahbarlarining har biridan 15 ming dollardan jami 30 ming dollar olib berish yuzasidan topshiriq bergan. Soʻngra ushbu pullarni olib, futbol klubiga bermasdan, shaxsiy ishlariga sarflab yuborgan.

Shuningdek, Saidahmad Sultonov 2018-yil 26-noyabr kunidan 2020-yil 20-oktyabr kuniga qadar Namangan viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab, juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgani ham aniqlangan.

Saidahmad Sultonov sud hukmi bilan Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi (juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi 4-qismining “a” bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik), 205-moddasi 2-qismining “a” bandida (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3-yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan hokimlik tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7-yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.