Namangan viloyatida haydovchilik guvohnomasi oluvchilar uchun ixtisoslashgan yangi innovatsion imtihon markazi ishga tushdi, deya xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.
Taʼkidlanishichi, Davlatobod tumanining “Yuksalish” mahallasi hududida faoliyat boshlagan mazkur markaz kuniga oʻrtacha 500 mijozga xizmat qila oladi.
Uning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qatnashdi va imtihon olish tizimida raqamlashtirish kuchaytirilib, inson omili kamaytirilgani yoʻllardagi qoidabuzarliklarga barham berishini taʼkidladi.
Shundan soʻng, “Namangan viloyati imtihon markazi” oʻz faoliyatini boshladi. Tadbir ishtirokchilari yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bu yerda boʻlajak haydovchilarni imtihondan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan barcha sharoit: zamonaviy jihozlangan oʻquv xonalaridan tortib, avtomatlashtirilgan avtodromgacha mavjud.
Yigʻilganlar keyingi vaqtlarda haydovchilik guvohnomasini olmoqchi boʻlganlar imtihon topshirish uchun qoʻshni viloyatlarga borishiga toʻgʻri kelayotgani, bunday markazning oʻzimizda barpo etilgani ayni muddao boʻlganini eʼtirof etdilar.