Namanganda 75 dona uyali aloqa vositalarini noqonuniy olib ketayotgan shaxs ushlandi

    Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan Pop tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, “Namangan-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boshqaruvida boʻlgan yengil avtotransport vositasi Pop tumanida toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

    Natijada, avtomashina yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari boʻlmagan qiymati 450 mln. soʻmlik 2 turdagi 75 dona (Samsung S24 Ultra, Samsung A35) uyali aloqa vositalari borligi aniqlanib, vaqtincha saqlovga olindi.

    Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.