Unda Namanganda odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning sud idoralariga bo'lgan ishonchini mustahkamlashda hamkorlikda faoliyat olib borayotgan faollar – huquq-tartibot idoralari xodimlari, sudyalar va fidoyilar e'tirof etildi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining buyrug'i bilan viloyat hokimi, senator Shavkatjon Abdurazzoqov Oliy sud raisi tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. Mukofotni Namangan viloyati sudining raisi Alisher Usmonov topshirdi.
Sudyalar oliy kengashining “Sud faxriysi” ko'krak nishoniga viloyat ma'muriy sudi raisi Zarifaxon Qurbonova loyiq ko'rildi. Namangan viloyati sudi sudyasi Bumayram Bobomirzayeva, fuqarolik ishlari bo'yicha Chust tumanlararo sudi raisi Sohiba Yo'lchiyeva, viloyat ma'muriy sudi sudyasi Umida Nishonova O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining faxriy yorlig'i, jinoyat ishlari bo'yicha Namangan tuman sudi raisi Bahodir Abdullayev Sudyalar oliy kengashining esdalik soati, shuningdek, adolatni ta'minlovchi mazkur sohaning qator xizmatchilariga viloyat sudi tashakkurnomasi va esdalik sovg'alari berildi.
Yakunda uzoq yillar sud-huquq tizimida samarali faoliyat yuritib, ko'plab shogirdlar tarbiyalagan sud faxriysi Nargiza Xalilovani nafaqaga kuzatish marosimi ham uyushtirildi.
Orifjon JO'RAYEV,
“Yangi O'zbekiston” gazetasi muxbiri