Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining xabar berishicha, Namangan shahrida fuqaro ichki ishlar boʻlimi binosida qiynoqqa solingani ortidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Oʻrganishlarda maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 14-avgust kuni Namangan shahrida yashovchi 1991-yilda tugʻilgan fuqaro Oʻ.A. oilaviy nizo sabab ichki ishlar boʻlimiga olib kelingan. U bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, shu kuni uyiga qaytarilgan.
“U bilan profilaktik suhbat olib borilib, shu kuni uyiga ruxsat berilgan. Oradan ikki kun oʻtib, 16-avgust fuqaro sogʻligi yomonlashganligi sababli tibbiyot muassasasiga murojaat qilganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Fuqaro Oʻ.A.ga yetkazilgan tan jarohatlari boʻyicha Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
"Ish boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan. Vazirlik rahbariyati boshchiligida maxsus ishchi guruh tuzilib, Namangan viloyatiga yuborilgan", — deyiladi IIV bergan bayonotda.
Mazkur holat yuzasidan aybdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilib, qatʼiy chora koʻrilishi belgilangan.








