2023-yil 10-fevral kuni soat 11:15 da Toʻraqoʻrgʻon tumani IIBga 21 yoshli B.M. qoʻngʻiroq qilib, nomaʼlum shaxs Toʻraqoʻrgʻon tumani Hamroh koʻchasida joylashgan xonadoniga yuziga niqob taqqan holda kirib, uni va 1 yoshli qizini oʻldirish bilan qoʻrqitib, hayot va sogʻlik uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatib, qoʻlida boʻlgan pichoq bilan uning boʻyin qismiga jarohat yetkazganini aytadi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Shuningdek, u uyida boʻlgan narxi 19 mln. 200 ming soʻmlik tilla-taqinchoqlarini bosqinchilik yoʻli bilan qoʻlga kiritib voqea joyidan yashiringanligi haqida xabar berib, nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni va olib ketilgan tilla-taqinchoqlarini qaytarishda amaliy yordam berishni soʻragan.
Mazkur holat yuzasidan Toʻraqoʻrgʻon tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida jabrlanuvchi B.M. turmush oʻrtogʻining eʼtiborini oʻziga jalb qilish maqsadida, shu kuni xonadonida hech kim yoʻqligidan foydalanib, barcha xonalarini titib tashlab, birga yashovchi qaynonasi yotoqxonasidan 19 mln. 200 ming soʻmlik tilla-taqinchoqlarini yashirib qoʻyadi. Boʻyniga igna orqali jarhot yetkazib, goʻyoki yashash xonadoniga nomaʼlum shaxs gʻayriqonuniy ravishda kirib, pichoq bilan oʻzi va chaqalogʻini oʻldirish bilan qoʻrqitib, tilla taqinchoqlarni olib ketganligi haqida Toʻraqoʻrgʻon tumani IIBga yolgʻon xabar berganligi aniqlangan.
B.M.ning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda oʻzi tomonidan yashirilgan tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan B.M. Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksning 237-moddasi 2-qismi “g” bandi (oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan yolgʻon xabar berish) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlov organiga yuborish masalasini hal etish uchun Toʻraqoʻrgʻon tuman prokuraturasiga yuborilgan.