Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishcha, joriy yilning 16-iyul kuni soat 08:30 da Namangan shahar IIBga “Nurafshon” mahallasidagi xonadonlarning birida 65 yoshli (muqaddam sudlangan) fuqaro A.T. mast holatda janjal koʻtarib, yaqinlariga xoʻjalik pichogʻi bilan tahdid qilayotgani haqida xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan voqea joyiga mahalla profilaktika kichik inspektori katta serjant Z. Tojiboyev hamda hokim yordamchisi M. Mahmudov zudlik bilan yetib borgan. Xonadonda mast holda qoʻlidagi xoʻjalik pichogʻi bilan hamla qilayotgan fuqaro profilaktika inspektori tomonidan jismoniy kuch ishlatilgan holda zararsizlantirilgan.

Shundan soʻng, voqea joyiga yetib kelgan qoʻshimcha kuch yordamida fuqaro A.T. shahar Narkologiya boʻlimiga olib borilib, majburiy yotqizilgan. Huquqbuzarning harakatlari oqibatida atrofdagilarga zarar yetmagan.

Hozirda A.T.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-, 185- va 194-moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudiga yuborilgan.