Dastlab boshqarma boshlig'i Bekzod Mirzaahmedov jurnalist va blogerlarga axborot berdi. Jumladan, o'tgan yil davomida chora-tadbirlar natijasida jami 3 trln. so'mlik 293 mingga yaqin ijro ta'minlandi. Shuningdek, 1,3 trln. so'm – davlat foydasi uchun 517 mlrd. so'mga, ya'ni 2021-yilga nisbatan umumiy undiruv 456 mlrd. so'mga, davlatga undiruv 126 mlrd. so'mga oshdi. Soliq undiruvlariga doir 1 trln. 54 mlrd. so'mlik hujjatlar ijrosi to'liq bajarildi.

Yangi tashkil etilgan tumanlararo bo'lim tarafidan 44 ming 456 ta (15 mlrd. so'm) hujjat yopildi. Bo'limning bir nafar davlat ijrochisi bir oyda o'rtacha 577 ta, bir kunda 30 ta hujjat tamomlanishiga erishmoqda.

Bank undiruvlariga tegishli hujjatlarning 1 trln. 239 mlrd. so'mligi tugatilib, 439 mlrd. so'mi banklar foydasiga undirildi. 241 mlrd. so'mlik 290 ta garovdagi mulk savdoga chiqarildi. Ijtimoiy ahamiyatga ega ijro hujjatlari sanalgan maxsus daftarlar bilan bog'liq jamg'armalarga 48,6 mlrd. so'm yoki yakunlangan yilning mos davriga solishtirganda 20,4 mlrd. so'm (72 foiz) ko'p mablag' yo'naltirildi.

Qarzdorlardan jami 104 mlrd. so'mdan ziyod, xususan, bank kartalari orqali 99 mlrd. so'm aliment pullari rasmiylashtirildi. “Aliment to'lovlari” davlat maqsadli jamg'armasi tuzilib, unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan O'zbekiston bo'yicha 50 mlrd. so'm ajratildi.

Mazkur jamg'armadan voyaga etmagan farzandini moddiy ta'minlashdan bo'yin tovlagani sababli jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning 8 nafar undiruvchisiga 209 mln. so'm miqdoridagi pul to'lab berildi. Keng qamrovli tushuntirishlar samarasida 5 ming 164 ta oila yarashtirildi, ishsiz aliment to'lovchilarning 2 ming 349 nafari ishga joylashtirildi.

Mehnat qonunchiligiga rioya qilinmagan holda bo'shatilgan 37 nafar shaxs ishga tiklandi, qolib ketgan 10 mlrd. so'mlik ish haqi to'landi. Aliment qarzdorlaridan 851 nafariga ma'muriy, 63 nafariga jinoyat ishlari qo'zg'atildi.

Sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal joriy etilib, “SMS-xabarnoma” avtomat tizimi yordamida qarzdorlarga har bir ijro harakatlari, respublikadan chetga chiqishga qo'yilgan taqiqlar yuzasidan salkam 2 millionta elektron xat yuborildi. Aholiga qulaylik yaratish niyatida ochilgan Telegram botga jo'natilgan 457 ta alimentga oid murojaat tezkorlik bilan hal qilindi. Haftaning har shanba kuni hududlardagi mahallalarda sayyor qabullar uyushtirilib, kelib tushgan murojaatlar ijrosi boshqarmaning qat'iy nazoratida turadi.

Erkin muloqot mobaynida ommaviy axborot vositalari va internet nashrlar vakillari, ijtimoiy tarmoqlar faollarining savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Sohibjon RAPIQOV,

MIB Namangan viloyat boshqarmasi mas'ul xodimi