Nufuzli mehmonlar Yangi Namangan tumanida Pokiston Islom Respublikasining Lahor univertiteti bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “International university of Namangan” Xalqaro tibbiyot universiteti binosi bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur yangi oliy taʼlim muassasasi Namangan shahrining “Goʻzal” dahasida joylashgan 2-tibbiyot kolleji hamda sobiq diagnostika markazi bino-inshootlarida tashkil etiladi.
Namangan xalqaro universitetida tibbiyot sohasiga talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda tibbiyot, stomatologiya, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, xalqaro huquq va biznes yoʻnalishlari boʻyicha fakultetlar tashkil etilishi belgilangan.
Loyihani ishga tushirish muddati yangi oʻquv yilidan boshlanishi belgilanmoqda. Loyiha doirasida 2022-2023 oʻquv yilida 500 nafar, 2023-2024-yilda esa 1000 nafar yoshni qabul qilish rejalashtirilgan.
Bitiruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlimi toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat va xorijiy hamkor namunasidagi diplom beriladi.
Namangan xalqaro universitetda har yili talabalar uchun 10 foizgacha imtiyozli taʼlim grantlari, 5 yil muddat ichida 600 ming dollarlik grantlar ajratish koʻzda tutilgan.
Investorlar tomonidan binoni taʼmirlash uchun 5 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritish belgilangan.