2 gektar maydonni egallaydigan 120 oʻrinli dam olish maskanini qurish loyiha qiymati 800 ming dollarni tashkil etadi. Ushbu mablagʻ teng miqdorda chet el investori hamda mahalliy tadbirkor tomonidan kiritiladi.

Loyihaning amalga oshirilishi bilan 50 ta ish oʻrni yaratiladi.

Xorijiy hamkor — Rossiyaning MCHJ kompaniyasi rahbarining taʼkidlashicha, kompaniya mijozlarga nafaqat turar joy va ovqatlanish imkoniyatlarini, balki transport, aloqa, diqqatga sazovor tabiat goʻshalari hamda tibbiy xizmati, sport oʻyinlari, goʻzallik salonlari va boshqa xizmat turlarini ham taklif etadi.

Ayni paytda 200 ming dollar miqdorida bevosita tashqi investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilgan boʻlib, maʼmuriy bino va basseyn bitkazilish arafasida. Shuningdek, hududga tashrif buyuruvchilar uchun maxsus maydonchalar va asosiy inshootlar qurilishi davom ettirilyapti.

Dam olish maskani faoliyati dekabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda atrofda uy-joylar, bolalar bogʻchasi va boshqa koʻplab xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etilishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.