Namanganda qurilayotgan koʻprik qulashi yuzasidan rasmiy munosabat berildi

    Dolzarb 8 Yanvar 2021 641

    Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi Shimoliy Fargʻona kanali ustida qurilayotgan koʻprik qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Mazkur hodisa bugun, 8-yanvar kuni soat 11:00 atrofida roʻy bergan. Buning oqibatida qurbonlar yoki jabrlanganlar boʻlmagan.

    Uzunligi 37 metr, eni 3 metr boʻlgan va piyodalar qatnovi uchun moʻljallangan koʻprik mahalliy tadbirkor tomonidan “Oʻn bir Ahmad” ziyoratgohiga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida barpo etilayotgan boʻlgan. Buning uchun davlat byudjetidan mablagʻ sarflanmagan.

    Buni “Namangan koʻpriklardan foydalanish” unitar korxonasi rahbari Sanjarbek Shodmonov ham tasdiqladi.

    — Koʻprik qurilishi dasturlarga kiritilmagan, byudjet mablagʻi ham sarflanmagan. Tadbirkor Maʼrufxon Hojixonovning tashabbusi va shaxsiy mablagʻi hisobidan qurilayotgan, hali yakuniga yetmagan edi, — deydi Sanjarbek Shodmonov.

    Tadbirkor Maʼrufxon Hojixonovning taʼkidlashicha, bu ishga yaqinda 90 yoshida qazo qilgan otasining vasiyatini amalga oshirish uchun kirishgan.

    — Dadamning vasiyatlariga koʻra “Oʻn bir Ahmad” ziyoratgohiga keladiganlar qiynalmasligi uchun shu ishga qoʻl urgandim. Koʻprik tayyor boʻlganidan keyin shu atrofdagi avtoturargohda bir hafta 5 tonnadan oshiq yuk qoʻyilgan holatda turdi, qilt etmadi. Keyin joyida sinab koʻrdik. Havo harorati pasayib, kanaldagi suv oqimi koʻpaygani sababli hali ishimiz oxiriga yetmagan edi, — deydi Maʼrufxon Hojixonov.

    Tadbirkorning aytishicha, koʻprikning montaj ishlari toʻliq yakunlanmagan, ikki tomoniga yana tros va temir oʻrnatiladi.

    Bularning barchasiga ikki hafta atrofida vaqt talab etiladi. Shundan soʻng koʻprik avvalgi joyiga mustahkam etib oʻrnatiladi.

    Davlatobod tumanidagi “Navbahor” mahallasida “Oltin avlod” maktabgacha taʼlim tashkiloti ish boshladi