Qayd etilishicha, Fargʻona shahrida yashovchi 26 yoshli J.A. IIOga murojaat qilib, oʻziga tegishli boʻlgan bank kartasidan nomaʼlum shaxs tomonidan 11,5 million soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari firibgarlik yoʻli bilan yechib olinganini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Namangan tumanida yashovchi 24 yoshli B.J. sodir etgani aniqlangan.
Unga koʻra, B.J. internet foydalanuvchilariga Telegram messenjeri orqali turli xil mazmunidagi yolgʻon eʼlonlar ostida soxta havola joʻnatib kelgan. Aldovlarga ishonib, soxta havolaga bank kartasi maʼlumotlarini kiritgan fuqarolarning bank kartalari boshqaruvini qoʻlga kiritib, ular hisobidagi pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank kartasiga oʻtkazib olib, ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) 3-qismi “a,b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, B.J.ning sodir etilib fosh qilinmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.