Namanganda “Xon atlas” festivali boʻlib oʻtmoqda

    Atlas va adras kabi koʻzni quvnatadigan, yorqin ranglari, takrorlanmas naqshlari bilan kishiga xush kayfiyat bagʻishlaydigan milliy matolarimizning muxlislari butun dunyoda topiladi.

    Bugun Namanganda boshlangan “Xon atlas” festivalida bunga yana bir bor guvoh boʻlindi.

    Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik bogʻita tashkil etilgan tadbirda hunarmandlar, milliy matolar savdosi va ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlar, aynan mana shunday ipakchilik mahsulotlaridan tikilgan milliy liboslar dizaynerlari ishtirok etmoqdalar. Erta tongdan aholi vakillari yal-yal yonib turgan matolarning zavqidan bahramand boʻlishmoqda.

    — Namanganda azaldan atlas, adras matolarini toʻqib ichki bozorlarni taʼminlagan hunarmandlar koʻpchilikni tashkil etgan. Bugungi kunga kelib esa ana shunday hunarmand oilalar vakillari anʼanani davom ettirib, faoliyatlarini kengaytirgan holda turli mahsulotlarni eksport ham qilmoqdalar. Birgina Namangan shahridagi Toshboyevlar oilasini yoki boʻlmasa Uychi tumanida Risliqxon Joʻrayeva tomonidan ochilgan milliy matolardan tikilgan mahsulotlarni xorijga ekport qiladigan korxonalarni keltirishimiz mumkin. “Xon atlas” festivalini kelgusi yil bundan-da katta darajada oʻtkazamiz, — deydi Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari Dinora Yakubova.

    Festivalga tashrif buyurganlar nafaqat hozirgi kunda toʻqilayotgan atlas, adras, beqasam namunalarini, shu bilan birga yaqinda tashkil etilgan “Silk Granat” shou rum muzeyida bundan bir asr avvalgi qoʻlda toʻqilgan matolarni ham tomosha qilishlari mumkin.