Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali binosi yillar davomida ancha eskirib, zamon talablariga javob bermay qolgan edi. Shu bois, muassasa 2018-yil Investitsiya dasturiga kiritilib, markazda katta hajmdagi qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Quvonarlisi, qariyb 48 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari nihoyasida filial qiyofasi va sharoitlari tubdan oʻzgardi.
Jumladan, yangi loyiha asosida binoning tashqi va ichki tomoni zamonaviy andozalarga mos tarzda taʼmirlandi. 350 oʻrinli davolash boʻlimi rekonstruksiya qilindi. Muhandislik tarmoqlari toʻliq yangilandi. Qoʻshimcha majlislar zali qurildi.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur shifo maskanida davolanuvchilar va tibbiyot xodimlari uchun har jihatdan qulay shart-sharoitlar yaratildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Namangan viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotiga tayanib.









