"Bugun biz Namangandagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabida boʻldik. Dargohga qadam qoʻyganimizdanoq, ushbu maskanning rekonstruksiyaga muhtoj ekani yaqqol koʻzga tashlandi. Har bir sinflarga kirib, bu yerda tahsil olayotgan oʻquvchilarning nafaqat yurish-turishi, oʻzini tutish madaniyati va tarbiyasi, balki musiqiy bilim darajasiga ham eʼtibor qaratdik.

Ayniqsa, anʼanaviy xonandalik yoʻnalishida tahsil olayotgan yoshlarimiz koʻzida kichik boʻlsa-da, uchqun koʻrmaganimiz qattiq xafa boʻldik, muammo sababini izladik. Ayni yonib-chaqnab, bor iqtidorimni koʻrsataman degan yoshdagi sanʼatimiz davomchilari hozirdan 50-60 yoshli maqom ijrochilarini eslatib tursa, ertaga nima boʻladi?.. Ilgari maqom yoʻnalishini tanlagan ustozlarimiz avval bu ilmni puxta egallab, keyin ijod qilishgan. Bizning yoshlar esa ularga taqlid qilayotgandek... Ijro mahorati zoʻr, ammo yoshlarga xos xatti-harakatlar yoʻq... Agar ular oʻzlarini tengqurlariga mos tutishsa, ortidan boshqalar ham ergashadi.

Yana bir muammo cholgʻu asboblarining yetishmasligi va oʻquv qoʻllanmalarining yoʻqligi bilan bogʻliq. Musiqa sanʼatini oʻrganaman deb ixtisoslashtirilgan maktabga kelgan bolalarning qoʻliga cholgʻu asboblari yoki oʻquv qoʻllanmalari oʻrniga oq qogʻozlar tutqazib qoʻyilishi – bu juda ogʻriq nuqtamiz.

Shuningdek, maktabning yotoqxona sharoitlari bilan ham tanishdik. Ular ham talabga umuman javob bermaydi.

Biz bu dargohning oʻz nomiga mos va xos haqiqiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi boʻlishini istaymiz..." deydi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.