Joriy yilning 1-iyulidan chakana savdo, xizmat koʻrsatish hamda umumiy ovqatlanish sohalarida jismoniy shaxslar tomonidan toʻlovlar faqatgina mobil ilovalar (naqdsiz) va plastik karta orqali amalga oshirilganda 1 foizli keshbek qaytarilishi rejalashtirilmoqda. Yaʼni naqd puldagi toʻlovlar uchun keshbek qaytarish tartibi bekor qilinishi mumkin.
Bu haqda Prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarori loyihasi koʻrsatib oʻtilgan.
Taʼkidlanishicha, hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilinmagan boʻlib, hozirda vazirlik va idoralar orqali koʻrib chiqilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlarga berilgan cheklar uchun 1 foizli keshbek 2022-yil 1 yanvardan berila boshlagandi.
Soliq qoʻmitasining “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, ushbu hujjat loyihasini ishlab chiqqanlar naqd pulsiz hisob-kitoblar boʻyicha keshbeklarni 2 foizgacha oshirish variantini ham muhokama qilmoqda.