Qonun loyihasida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilar nazarda tutilmoqda.

Xususan:

— kelgusi yilda asosiy soliq turlari, jumladan foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq, qoʻshilgan qiymat soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq turlari boʻyicha stavkalar oʻzgarishsiz qoldirilmoqda;

— mobil aloqa xizmatlari sohasiga investitsiyalar miqdorini koʻpaytirish, mobil aloqa va internet xizmati sifatini oshirish maqsadida mobil aloqa operatorlari uchun aksiz soligʻi bekor qilinmoqda;

— mahalliy budjetlar daromadini oshirish, ish oʻrinlarini legallashtirish hamda soliq boʻyicha Xalq deputatlari mahalliy kengashlar vakolatlarini oshirish maqsadida ularga yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy belgilangan miqdorlardagi stavkalarini faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab belgilash vakolati berilmoqda;

— yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki oʻzlari uchun belgilangan qatʼiy soliqning 50 foizini toʻlash huquqini berish hamda bozor va savdo komplekslarida faoliyat yuritayotgan yakka tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish kabi normalar kiritilmoqda.

Deputatlar tomonidan biznes uchun soliq stavkalari oʻzgarishsiz saqlab qolinayotgani mamlakatimizda investitsiyaviy muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, tadbirkorlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.

Muhokamalarda xalq vakillari mahalliy Kengashlar vakolatlarini kengaytirish boʻyicha oʻz munosabatlarini bildirdi. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalarini mahalliy kengashlar tomonidan belgilash, suv soligʻi stavkasiga hamda noruda qurilish materiallari uchun qatʼiy belgilangan stavkalarga koeffitsiyent qoʻllash va nashriyot-matbaa korxonalarini foyda soligʻidan ozod qilishga oid normalar maʼqullandi.

Shuningdek, Jahon savdo tashkiloti talablariga qonunchiligimizni uygʻunlashtirish, atrof muhitni asrash, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish orqali soliq bazasini yanada kengaytirishga qaratilgan choralar qoʻllab-quvvatlandi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi iqtisodiyotda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida teng shart-sharoitlarni taʼminlash hamda biznes yuritishni yengillashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.